Alloh ibodatlarimizni eshitadimi?
Sizda qachondir «Xudo ibodatlarimni eshityaptimikin?» degan savol tug‘ilganmi? Agar shunday bo‘lsa, siz yolg‘iz emassiz. Ko‘p odamlar qandaydir muammolari haqida Xudoga ibodat qilishadi, ammo ular hal bo‘lmaydi. Bu Alloh ibodatlarimizga e’tibor bermayotganini anglatadimi? Yo‘q, albatta! Muqaddas Kitob shunga ishontiryaptiki, agar Xudoga ma’qul tarzda ibodat qilsak, U bizni tinglaydi. Keling, Allohning Kalomida bu haqda nima deyilganini ko‘rib chiqaylik.
ALLOH SIZNI ESHITADI.
«Ey, ibodatlarni Eshitguvchi, har turli insonlar huzuringga keladi». (Zabur 65:2)
Ayrim odamlar aslida ularni kimdir eshitayotganiga ishonishmasa-da, o‘zlarini yaxshiroq his qilish uchungina ibodat qilishadi. Biroq ibodat shunchaki o‘zimizni yaxshiroq his qilib, muammolarimiz bilan kurashishga yordam beradigan vosita emas. Muqaddas Kitob bizni shunday deb ishontirmoqda: «Yahova * Uni chaqirayotgan kishilarga, Uni chin qalbdan chaqirayotganlarga yaqindir... [U] ularning faryodini eshitadi». (Zabur 145:18, 19)
Shu bois, Alloh Yahova Unga topinadigan kishilarning ibodatini eshitishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Uning O‘zi mehr ila shunday demoqda: «Sizlar Meni chaqirasizlar, kelib Menga ibodat qilasizlar va Men sizlarni eshitaman». (Yeremiyo 29:12)
XUDO UNGA IBODAT QILISHINGIZNI ISTAYDI.
«Doimo ibodat qilinglar». (Rimliklarga 12:12)
Xudoning Kalomi bizni «doim ibodat qilishga» hamda «har fursatda... ibodat qilib turishga» undaydi. Bundan ko‘rinyaptiki, Tangri Yahova Unga ibodat qilishimizni xohlaydi. (Matto 26:41; Efesliklarga 6:18)
Nega Xudo Unga ibodat qilishimizni istaydi? Bir misolni ko‘rib chiqaylik. Jajji bola otasidan yordam so‘raydi. Shunda ota xursand bo‘ladi. To‘g‘ri, ota farzandi nimaga muhtoj ekanini va nimani his qilayotganini oldindan bilishi mumkin. Ammo ota bolasi yordam so‘raganini eshitganida, bolasi unga ishonayotganini va unga yaqin bo‘lishni istayotganini ko‘radi. Shu singari biz ham Alloh Yahovaga ibodat qilganimizda, Unga ishonayotganimizni va Unga yaqin bo‘lishni istayotganimizni ko‘rsatamiz. (Hikmatlar 15:8; Yoqub 4:8)
XUDO SIZGA G‘AMXO‘RLIK QILADI.
«Barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlanglar, chunki U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi». (1 Butrus 5:7)
Xudo bizni yaxshi ko‘rgani va biz haqimizda qayg‘urgani uchun Unga ibodat qilishimizni istaydi. U barcha muammolarimiz-u tashvishlarimizdan xabardor bo‘lib, bizga yordam berishni xohlaydi.
Dovud payg‘ambar hayoti davomida Tangri Yahovaga ibodat qilib yordam so‘ragan va fikrlari-yu tuyg‘ularini Unga to‘kib solgan. (Zabur 23:1–6) Xudo Dovud haqida qanday fikrda bo‘lgan? U Dovudni yaxshi ko‘rgan va uning ko‘pdan-ko‘p ibodatlarini tinglagan. (Havoriylar 13:22) Shunga o‘xshab, Alloh biz haqimizda qayg‘urgani uchun bizning ham duolarimizga quloq tutadi.
«MEN YAHOVANI YAXSHI KO‘RAMAN, BOISI, U... ILTIJOIMNI ESHITADI»
Mazkur so‘zlar Zabur kitobidagi sanolardan birini yozgan insonga tegishli. Bu inson Xudo uning ibodatlarini eshitayotganiga amin bo‘lgan va buni bilish unga qattiq ta’sir qilgan. Natijada u o‘zini Xudoga yaqin his qilgan va hayot mashaqqatlari hamda qayg‘ularni yengish uchun kuch topa olgan. (Zabur 116:1–9)
Alloh bizni eshitayotganiga ishonchimiz komil bo‘lsa, Unga ibodat qilishda davom etamiz. Ispaniyaning shimolida yashovchi Pedro ismli kishining misolini ko‘rib chiqaylik. U avtohalokat tufayli 19 yashar o‘g‘lidan ayrildi. Bundan qayg‘uga botgan Pedro qalbida borini Xudoga to‘kib soldi va qayta-qayta ibodat qilib, Undan tasalli berishini hamda qo‘llab-quvvatlashini so‘radi. Keyin nima bo‘lgani haqida Pedro shunday dedi: «Imondoshlarimiz rafiqam bilan menga tasalli berib, qo‘llab-quvvatlashdi va shu yo‘sin Yahova ibodatlarimga javob berdi».
Pedroning o‘g‘li hayotga qaytmagan bo‘lsa-da, ibodatlar unga va oilasiga katta yordam berdi. Uning turmush o‘rtog‘i Mariya Karmen quyidagilarni aytdi: «Ibodatlar qayg‘uga dosh berishimga ko‘maklashdi. Alloh Yahova meni tushunayotganiga amin edim, chunki ibodat qilganimda qalbimda xotirjamlikni his etardim».
Muqaddas Kitobdan va yuqoridagi misollardan ko‘rinyaptiki, Xudo ibodatlarni eshitadi. Ammo U hamma ibodatlarga ham javob beravermaydi. Qiziq, nega U ayrim ibodatlarga javob beradi-yu, boshqalariga esa yo‘q?
^ 5- x.b. Yahova — Xudoning ismidir. (Zabur 83:18)