Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ruhiy salomatlikning global inqirozi

Ruhiy salomatlikning global inqirozi

«Hatto xonamda bir o‘zim shunchaki o‘tirsam ham, xavotir meni hech tark etmaydi».

«O‘zimni judayam yaxshi his qilganimda ko‘nglim g‘ash bo‘ladi. Chunki tajribamdan bilamanki, xursandchilik tuyg‘usi tezda qayg‘uga aylanadi».

«Odatda bir kunning tashvishi bilan yashashga harakat qilaman, lekin ba’zan meni bir necha kunning tashvishi birdan bosadi».

Bu fikrlarni ruhiy salomatligi bilan muammosi bor odamlar bildirdi. Siz yoki qaramog‘ingizdagi biron kishi qachondir o‘zini shunday his qilganmi?

Agar shunday bo‘lsa, amin bo‘lingki, siz yolg‘iz emassiz. Bugungi kunda ko‘pchilik xoh o‘zlari, xoh yaqinlari bunday muammoga duch kelyapti.

Shubhasizki, hozir «nihoyatda og‘ir vaqtlarda» yashayapmiz va bu turli qayg‘ularga sabab bo‘lyapti. (2 Timo‘tiyga 3:1) Bir tadqiqotning natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan har sakkiz kishidan bittasi ruhiy salomatlikning buzilishidan aziyat chekyapti. 2020-yili COVID-19 pandemiyasi tufayli xavotirlanishdan azob chekayotganlar soni taxminan 26 foizga, depressiyaning jiddiy turiga chalinganlar soni esa taxminan 28 foizga oshdi.

To‘g‘ri, xavotirlanish va depressiyadan qancha odam aziyat chekayotganini bilish yaxshi. Lekin siz va yaqinlaringiz o‘zingizni imkon qadar yaxshiroq his qilishingizga nimalar yordam berishini bilish bundan-da muhimroq.

Ruhiy salomatlik bu nima?

Ruhan sog‘lom inson ko‘pincha o‘zini yaxshi his qiladi va samarali faoliyat yuritadi. U odatda uchraydigan stress holatiga dosh beradi, unumli mehnat qila oladi va hayotdan mamnun bo‘lib yashaydi.

Ruhiy buzilish...

  • zaif inson ekaningizni anglatmaydi.

  • insonni kuchli iztirobga soladigan, uning fikrlash tarziga, his-tuyg‘ularini nazorat qilishiga va xulq-atvoriga salbiy ta’sir qiladigan tibbiy holat.

  • ko‘pincha odamning boshqalar bilan munosabat qurishini va kundalik ehtiyojlarini qondirishini qiyinlashtiradi.

  • turli odamlarda yoshi, madaniyati, irqi, qabilasi, dini, ma’lumoti yoki daromadidan qat’i nazar, yuzaga kelishi mumkin.

Ruhiy salomatlik muammolari paydo bo‘lganida yordam izlang

Siz yoki yaqiningiz shaxsiyatingizda sezilarli o‘zgarishlarni kuzatsangiz, uyqungiz yoki ovqatlanish odatingiz buzilsa, xavotirlanayotgan, tushkunlikka tushayotgan, yo bo‘lmasa, anchadan beri qayg‘u chekayotgan bo‘lsangiz, buning sababi nimada ekanini bilish va davo choralarini ko‘rish uchun sizga mutaxassis yordami kerakdir.

Yer yuzida yashagan eng dono inson Iso Masih shunday degan: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj». (Matto 9:12) Sog‘liq muammolari bilan kurashayotib, kerakli tibbiy muolaja va dori-darmonlarni qabul qilayotgan odamlar simptomlarini kamaytirish uchun ancha narsa qilishlari mumkin. Shu yo‘sin ular faol va baxtli hayot kechira olishadi. Agar simptomlar jiddiy yoki uzoq davom etayotgan bo‘lsa, davolanishni ortga surmaslik oqilonadir. a

Muqaddas Kitob tibbiy qo‘llanma bo‘lmasa-da, unda yozilganlar ruhiy salomatligimiz uchun foydali bo‘lishi mumkin. Keyingi maqolalarda Muqaddas Kitob ruhiy salomatlik muammolari bilan kurashishimizga qanday yordam berishi mumkinligi muhokama qilinadi. Sizni ham bu maqolalarni ko‘rib chiqishga chin dildan taklif qilamiz.

a «Qo‘riqchi minorasi» jurnali muayyan davolanish usulini olg‘a surmaydi. Shaxsiy qaror chiqarishdan oldin har bir inson qaysi davolanish usuli unga mos kelishi haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak.