Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Rimliklar ustunda qatl etilgan insonlarni, masalan, Iso Masihni dafn etishga ruxsat berishi mumkinmidi?

ISONI ikkita jinoyatchi o‘rtasida ustunga mixlashgani va qatl etishgani haqidagi hikoya ko‘plarga tanish. (Mat. 27:35–38) Lekin ba’zilar Isoning jasadi dafn etishga tayyorlanib, qabrga qo‘yilgani haqida Muqaddas Kitobda yozilganlar aniq emas, deb ta’kidlaydi. (Mark 15:42–46)

Injil kitobini tanqid qiladigan ba’zilar qatl etilgan insonlarni dafn qilishga, masalan, qabrga qo‘yishga ruxsat berilganiga ishonishmagan. Ular jinoyatchi sifatida qatl etilganlar boshqacha tarzda dafn etilganining ehtimoli yuqori, deb hisoblashgan. Ariel Sabar ismli muxbir bir jurnalda bunday nuqtai nazarni quyidagicha tushuntirgan: «Xochga mixlash jamiyatdagi ashaddiy jinoyatchilar uchun berilgan jazo edi. Ba’zi mutaxassislar uchun rimliklar bunday insonlarni o‘rinli tarzda dafn etishga ruxsat bergani haqidagi fikr kulgilidir». («Smithsonian») Rimliklar jinoyatchilarni qattiq kamsitishga harakat qilgan. Shu bois, tanalarini yirtqich hayvonlar yeb ketishi uchun ularni ustunda qoldirgan. Qoldiqlarini esa umumiy qabrga tashlagan.

Lekin arxeologlar qatl etilgan ba’zi yahudiylarning qoldiqlaridan o‘zgacha bir narsani ochib berishgan. 1968-yili birinchi asrda qatl etilgan kishining qoldiqlari topilgan. Ular Quddus yaqinida yahudiy oilaga tegishli qabrda bo‘lgan. O‘sha qoldiqlar ossuariy yoki marhumning suyaklari saqlanadigan idishda edi. Qoldiqlar orasida oyoqning tovon qismi bor edi. U 11,5 santimetr bo‘lgan temir mix bilan yog‘ochga qoqilgan edi. Ariel Sabar shunday dedi: «Iexoxanan ismli kishining tovoni Iso qabrga qo‘yilgani haqidagi uzoq davomli bahs-munozaralarga nuqta qo‘yishga yordam berdi». Ahamiyatli tomoni shundaki, «o‘sha kishining tovoni Isoning davrida ustunga mixlangan kishilarning misoli bo‘lib, rimliklar yahudiylarga jasadni qabrga qo‘yishga ruxsat berganini ko‘rsatyapti».

Iexoxananning topilgan tovoni tufayli Iso ustunga qanday holatda mixlangani borasida turli qarashlar mavjud. Lekin shunisi aniqki, qatl etilgan ba’zi jinoyatchilar dafn etilgan va shunchaki umumiy qabrga tashlanmagan. Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda Isoning tanasi qabrga qo‘yilgani haqidagi ma’lumot ishonchga sazovor. Topilmalar Muqaddas Kitobdagi so‘zlar haq ekanini isbotlayapti.

Eng muhimi, Yahova Iso Masih boy kishining qabriga qo‘yilishini bashorat qilgan. Hech narsa Xudoning so‘zi bajo bo‘lishiga to‘sqinlik qila olmaydi. (Ishayo 53:9; 55:11)