Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Qadimda insonlar yillar va oylarni qanday aniqlashgan?

IBRONIYLAR va’da qilingan yurtda bo‘lganida, yil yerni shudgor qilish va urug‘ sepish paytidan boshlanardi. Bu hozirgi sentabr va oktabr oylariga to‘g‘ri keladi.

Odamlar oy qancha davom etishini osmondagi oyning aylanish davriga qarab hisoblashardi, u taxminan 29 yoki 30 kundan iborat edi. Yilning davomiyligini esa quyoshga qarab aniqlashardi. Lekin oyning aylanish davriga qarab belgilangan yil quyoshga qarab belgilangan yildan qisqaroq edi. Bunday farq bo‘lmasligi uchun ular biron chora ko‘rishi kerak edi. Buning uchun, ular ehtimol, navbatdagi yil boshlanishidan avval qo‘shimcha kun yoki vaqti-vaqti bilan qo‘shimcha oy kiritishgan. Shunday qilib, kalendar ekish yoki o‘rim-yig‘im mavsumidan boshlangan.

Ammo Musoning davriga kelib, Xudo isroilliklarga yilning birinchi oyi abib yoki nison bo‘lishi kerakligini aytgan. (Chiq. 12:2; 13:4) Bu taxminan mart va aprel oylariga to‘g‘ri keladi. Nison oyida isroilliklar bayram nishonlab, arpaning ilk hosilidan muayyan qismini Xudoga taqdim etishardi. (Chiq. 23:15, 16)

Emil Shyurer ismli olim yahudiylarning tarixi haqidagi bir kitobda shunday yozgan: «Kalendarga qo‘shimcha oyni qachon qo‘shish kerakligini aniqlash oson bo‘lgan. Fisih bayrami nison oyining to‘lin oy chiqqanida (14 nisonda) nishonlanishi kerak edi. Shuningdek, u doim bahorgi teng kunlikdan keyin bo‘lishi lozim edi. [...] Agar yahudiylar yil oxirida Fisih bayrami bahorgi teng kunlikdan avvaliga to‘g‘ri kelayotganini aniqlashsa, nisondan oldin yana bir oy [13- oy] qo‘shishardi». («The History of the Jewish People in the Age of Jesus Christ, 175 B.C.–A.D. 135»)

Yahovaning Shohidlari bu usuldan foydalanib, Qutlug‘ Kechlik marosimi qaysi sanada o‘tishi kerakligini aniqlaydi. Bu marosim bahorga va ibroniycha kalendar bo‘yicha 14 nisonga to‘g‘ri keladi. Marosim qachon o‘tishi haqida butun yer yuzidagi jamoatlarga oldindan xabar beriladi *.

Qiziq, ibroniylar oy tugaganini va yangisi boshlanganini qanday bilishgan? Hozirgi kunda shunchaki kalendarni ochib, buni aniqlash mumkin. Ammo qadimda bu oson emas edi.

Nuhning davrida har bir oy 30 kundan iborat bo‘lgan. (Ibt. 7:11, 24; 8:3, 4) Keyinchalik, ibroniylar davrida har bir oy 30 kun davom etmagan. Ular uchun har bir oy yangi oy chiqqanidan boshlangan. Bu oldingi oyning 29- yoki 30- kunidan keyingi vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Bir safar, Dovud va Yo‘natan yangi oy boshlanishi haqida: «Ertaga yangi oy chiqadi»,— deb aytishgan. (1 Shoh. 20:5, 18) Demak, mil. avv. 11 asrgacha oylar oldindan hisoblab chiqilganga o‘xshaydi. Isroilliklar yangi oy boshlanganini qayerdan bilishgan? Yahudiylarning og‘zaki qonunlari va urf-odatlari to‘plami bo‘lmish Mishnada bu haqida ma’lumot berilgan. Yahudiylar Bobil surgunligidan qaytib kelgach, Oliy Kengash (yahudiylarning oliy mahkamasi) buni hal qilgan. Bayramlar nishonlangan yetti oy davomida kengash har bir oyning 30- kunida yig‘ilib, keyingi oy qachon boshlanishini belgilagan. Bu qanday qilingan?

Quddusning atrofidagi tepaliklarda qo‘riqchilar kechasi osmonga qarab, yangi oyning ilk nurini kutishardi. So‘ng ular darrov Oliy Kengashga bu haqda xabar berishardi. Kengashdagilar yetarlicha dalillarga ega bo‘lganini tushunishgach, yangi oy boshlanganini e’lon qilishardi. Bordi-yu, osmonni bulutlar yoki bug‘ qoplagani uchun yangi oyning nuri ko‘rinmasa-chi? O‘shanda, bu oy 30 kundan iborat ekani va yangi oy boshlanishi mumkinligi e’lon qilinardi.

Mishnada yozilishicha, Oliy Kengashning qarorini e’lon qilish uchun Quddus yaqinidagi Zaytun tog‘ida olovli belgi berilardi. Butun Isroil bo‘ylab bu xabarni boshqalarga yetkazish uchun barcha tepaliklarda gulxan yoqishardi. Keyinchalik xabar yetkazish usuli o‘zgarib, xabarchilar jo‘natilardi. Shunday qilib, Quddusdagi va boshqa joylardagi yahudiylar yangi oy boshlanganini bilardi. Natijada mavsumiy bayramlar bir xil vaqtda nishonlanardi.

Ibroniycha oylar, bayramlar va fasllar bir-biri bilan qanday bog‘liq bo‘lganini tushunish uchun keltirilgan ramkani ko‘rib chiqish foydali bo‘lar.

^ «Qo‘riqchi minorasi»ning 1992-yil br2 (rus) sonidagi 17-sahifaga va 1978-yil 1-may (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.