Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Sulaymon ma’badidagi dahlizning balandligi qancha bo‘lgan?

Dahliz ma’badda Eng muqaddas xonaning kiraverish qismi bo‘lgan. 2013-yilgacha o‘girilgan «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning nashrlariga ko‘ra, «bu uyning old qismidagi dahliz uzunligi uyning eniday 20 tirsak, balandligi 120 edi». (2 Sol. 3:4, izoh) Boshqa tarjimalarda ham dahliz balandligi «120 tirsak» bo‘lgani keltirilgan. Bu 53 metrli minora degani!

Lekin «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning ingliz tilidagi 2023-yilgi nashrida Sulaymon ma’badining dahlizi haqida shunday deyilgan: «Uning balandligi 20 tirsak edi» a. Bu taxminan to‘qqiz metrga teng. Nega bunday o‘zgarish kiritilganining bir nechta sababini ko‘rib chiqaylik.

Dahliz balandligi 3 Shohlar 6:3 da tilga olinmagan. Yeremiyo mazkur oyatda dahlizning balandligi emas, balki uzunligi va eni to‘g‘risida yozgan. Keyingi bobda esa u ma’badning boshqa e’tiborga loyiq tafsilotlari, jumladan, shakli dumaloq quyma hovuz, o‘nta arava hamda dahliz tashqarisida turgan ikkita mis ustun haqida yozgan. (3 Shoh. 7:15–37) Agar dahliz balandligi 50 metrdan oshiq va u butun ma’baddan ancha baland bo‘lgan bo‘lsa, nega Yeremiyo bu haqda aytmagan? Hatto asrlar o‘tgach, yahudiy yozuvchilar dahliz Sulaymonning butun ma’badidan balandroq bo‘lmaganini aytib o‘tgan.

Tadqiqotchilar ma’bad devorlari 120 tirsakka teng balandlikdagi dahlizni ko‘tara olishini shubha ostiga qo‘ymoqda. Qadimda toshdan va g‘ishtdan qurilgan baland inshootlar, masalan, Misr ma’badi darvozalarining poydevori juda keng bo‘lgan va u tepaga qarab torayib borgan. Lekin Sulaymonning ma’badi bunday emasdi. Tadqiqotchilarning fikricha, ma’bad devorlarining qalinligi 6 tirsakdan, ya’ni 2,7 metrdan oshmagan. Arxitektura sohasi bo‘yicha tarixchi Teodor Busink quyidagicha xulosa qildi: «[Ma’bad kiraverishining] devor qalinligi, ya’ni dahliz 120 tirsak [balandlikda] bo‘la olmasdi».

2 Solnomalar 3:4 noto‘g‘ri ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin. Garchi ayrim qo‘lyozmalarda bu oyatda «120» deb yozilgan bo‘lsa-da, beshinchi asrga tegishli Aleksandriya kodeksi va oltinchi asrga oid Amvrosian kodeksi kabi ishonchli manbalarda «20 tirsak» deb aytilgan. Nega «120» deb noto‘g‘ri ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin? Ibroniychada «yuz» va «tirsak» so‘zlarining yozilishi o‘xshash. Shunday ekan, nusxa ko‘chirgan odam, ehtimol, «tirsak» so‘zi o‘rniga «yuz» so‘zini yozgan bo‘lishi mumkin.

Albatta, Sulaymon ma’badiga oid tafsilotlarni tushunishga va uni aniqroq tasavvur qilishga intilamiz, ammo diqqatimizni ma’bad nimaning soyasi bo‘lganiga — ramziy ma’badga qaratamiz. Yahova barcha xizmatchilarini bu ma’badda topinishga taklif qilgani uchun juda minnatdormiz! (Ibron. 9:11–14; Vah. 3:12; 7:9–17)

a Izohda «ayrim qadimgi qo‘lyozmalarda “120”, boshqalarida esa “20” tirsak deyilgani ochib berilgan».