Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hamdardlik ko‘rsating

Hamdardlik ko‘rsating

Muammo

Agar o‘zgalarning bizdan farqli tomonlariga haddan ortiq diqqat qaratsak, bu tomonlarni kamchilik yoki nuqson deb hisoblay boshlashimiz mumkin. Natijada bizdan qaysidir jihati bilan farq qiladigan insonlarga nisbatan yuz-xotir bo‘lib qolamiz. Yuzxotirchilik esa bunday insonlarga hamdardlik ko‘rsatishimizga to‘sqinlik qiladi.

Muqaddas Kitobdagi prinsip

«Sevinayotganlar bilan sevininglar, yig‘layotganlar bilan yig‘langlar». (RIMLIKLARGA 12:15)

Bu oyatdan nimani o‘rgansak bo‘ladi? Bu oyat hamdardlik ko‘rsatishimiz muhim ekanini ko‘rsatyapti. Hamdardlik bu — o‘zimizni kimsaning o‘rniga qo‘yib ko‘rish, uning g‘am-qayg‘usi va dardiga sherik bo‘lish tuyg‘usidir.

Hamdardlik qanday yordam beradi?

Kimgadir hamdardlik ko‘rsatganimizda, o‘sha inson bilan qanchalik o‘xshash ekanimizni anglaymiz. Ehtimol, u boshdan kechirayotgan his-tuyg‘ulari va uning xatti-harakatlari bizga tanish bo‘lishi mumkin. Hamdardlik bizga kelib chiqishimizdan qat’i nazar, hammamiz insoniyat oilasining bir qismi ekanimizni tushunishga yordam beradi. Agar boshqa odamlarda bizga o‘xshash tomonlarni izlasak, unda ular haqidagi nuqtai nazarimiz ijobiy bo‘ladi.

Hamdardlik bizga boshqalarni hurmat qilishga ko‘maklashadi. Masalan, Senegaldagi En-Mari quyi tabaqa hisoblanuvchi toifaga mansub odamlarga past nazar bilan qarardi. En-Mari hamdardlik unga qanday yordam berganini quyidagicha tushuntirib berdi: «Quyi tabaqalarga mansub kishilar qiynalayotganini ko‘rganimda, o‘zimdan shunday so‘radim: “Ularning o‘rnida bo‘lganimda, nimalarni his qilgan bo‘lardim?” Shundan keyin men o‘sha insonlardan yuqori emasligimni tushuna boshladim». Demak, agar boshqa insonlarning qiyinchiliklarini tushunishga intilsak, ularni hukm qilishning o‘rniga ularga hamdardlik ko‘rsatamiz.

Nima qilishingiz mumkin?

Agar qaysidir guruh odamlar haqida salbiy fikrda bo‘lsangiz, ular bilan qaysi jihatlaringiz o‘xshash ekanini aniqlashga harakat qiling. Masalan, o‘sha guruh vakillari quyidagi ishlarni qilishganda o‘zlarini qanday his etishini tasavvur qilib ko‘ring:

Hamdardlik bizga hammamiz insoniyat oilasining bir qismi ekanimizni tushunishga yordam beradi

  • oila a’zolari bilan ovqat yeyishganda

  • kunning oxirida ishni tugatishganda

  • do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishganda

  • sevimli musiqani eshitishganda

O‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. O‘zingizdan shunday so‘rang:

  • «Agar kimdir meni kamsitsa, bunga qanday munosabat bildirardim?»

  • «Boshqalar men haqimda hech narsani bilmay turib, meni hukm qilishsa, o‘zimni qanday his etardim?»

  • «Agar men ham bu guruh a’zosi bo‘lganimda, boshqalar men bilan qanday muomala qilishlarini istardim?»