Asosiy materiallarga o‘tish

XUDOGA YAQINLASHINGLAR

«Qaysi amr eng muhim hisoblanadi?»

«Qaysi amr eng muhim hisoblanadi?»

Allohni qanday rozi qilsa bo‘ladi? U bizdan ko‘p narsani talab qiladimi? Ming qatla shukurki, ko‘p emas. Xudoning azizi bo‘lmish Iso alayhissalomning aytganiga binoan, Xudo bizdan talab qilayotgan narsani bitta so‘z bilan ifodalasa bo‘ladi (Mark 12:28–31- oyatlarni o‘qing).

Avvalambor, Iso payg‘ambar ushbu so‘zlarni qanday vaziyatda aytganiga e’tibor qarataylik. Bu so‘zlarni u o‘limidan bir necha kun oldin, ya’ni 11- nisonda, ma’badda ta’lim berayotganida aytgan. O‘shanda uning dushmanlari undan biron-bir ayb topish niyatida unga munozarali savollar berishgandi. Ular har safar uning javoblariga lom-mim deya olishmasdi. O‘shanda ular Isodan: «Qaysi amr eng muhim hisoblanadi?» — deb so‘rashgan (28- oyat).

Bu murakkab savol bo‘lgan. Ba’zi yahudiylar Tavrotdagi 600 ta qonundan qaysi biri eng muhim hisoblanganligi to‘g‘risida bahslashishgan. Boshqalar esa barcha qonunlar muhim va bir qonunni boshqasidan ustun qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi, deb bahslashishganga o‘xshaydi. Lekin Iso bu savolga qanday javob bergan ekan?

Bunga javoban Iso bitta emas ikkita amrni aytgan. Eng muhim amr: «Tangring Yahovani butun qalbing, butun joning, butun onging va butun quvvating bilan sev»,— dedi u (30- oyat; Qonunlar 6:5). Garchi Iso qalb, jon, ong va quvvatni alohida aytgan bo‘lsa-da, ularni bir-biri bilan bog‘lab, har bir so‘z insonning ichki dunyosiga taalluqli ekanini ta’kidlab o‘tgan. Bu bilan Iso to‘la-to‘kis javob berib, Xudoga bo‘lgan sevgi butun insonni, ya’ni uning barcha qobiliyatlarini, kuchini va moddiy narsalarini o‘z ichiga olishini ko‘rsatgan. Bir kitobda: «Xudoni butunlayin sevish kerak»,— deb yozilgan. Agar siz shunday tarzda Allohni sevsangiz, Uni har kuni rozi qilish uchun astoydil harakat qilasiz (1 Yuhanno 5:3).

Ikkinchisi esa: «Yaqiningni o‘zingni sevganday sev»,— dedi Iso (31- oyat; Levilar 19:18). Allohga va yaqinga bo‘lgan sevgi bir-biriga bog‘liqdir. Ikkinchi amr, birinchi amrning natijasidir (1 Yuhanno 4:20, 21). Agar biz yaqinlarimizni o‘zimizni sevgandek sevsak, ular bizga qanday munosabatda bo‘lishlarini xohlasak, ularga ham shunday munosabatda bo‘lamiz (Matto 7:12). Shu yo‘sinda, biz Xudoni sevishimizni ko‘rsatamiz, chunki U ham bizni, ham ularni «O‘z suratiday» yaratgan (Ibtido 1:26).

Alloh Yahova bizdan talab qilayotgan narsani bitta so‘z bilan ifodalasa bo‘ladi, bu ham bo‘lsa sevgidir

Xo‘sh, Tangrini va yaqinni sevish qonuni qanchalik muhim? Hazrati Isoning so‘zlariga ko‘ra, «bu amrlardan muhimroq amr yo‘q» (31- oyat). Taqqos oyatlarda ham Iso Tavrot qonuni ushbu ikkita amrga asoslanganligini aytgan (Matto 22:40).

Demak, Xudoni rozi qilish qiyin emas ekan-da. U bizdan talab qilayotgan narsani bitta so‘z bilan ifodalasa bo‘ladi, bu ham bo‘lsa sevgidir. Tangri O‘z xizmatchilaridan Uni sevishni doimo talab qilgan va talab qiladi. Ammo sevgi faqat so‘zlar yoki his-tuyg‘ularni anglatmaydi, uni amalda ko‘rsatish kerak (1 Yuhanno 3:18). Shunday ekan, siz sevgi bo‘lmish Alloh Yahovaga nisbatan sevgingizni qanday rivojlantirishingiz va ko‘rsatishingiz mumkin? (1 Yuhanno 4:8).

Mart oyida o‘qish tavsiya etilgan oyatlar

Mark 9-16Luqo 1-6