MUQOVADAGI MAVZU | MUQADDAS KITOBNING SAQLANIB QOLISH TARIXI
Muqaddas Kitob saqlanib qolganining sababi nimada?
Muqaddas Kitob saqlanib qoldi. Shu sababli bugun siz unga ega bo‘lishingiz va uni o‘qishingiz mumkin. Bu kitobning yaxshi tarjimasini tanlasangiz, u asl matndagi fikrlarni yetkazib berayotganidan shubhalanmasangiz bo‘ladi. Bilib olganimizday tabiiy yemirilish, kuchli qarshilik va matnini atayin o‘zgartirish urinishlariga qaramay Muqaddas Kitob saqlanib qoldi. Buning sababi nimada? U nimasi bilan o‘zgacha?
«Muqaddas Kitob bu Xudoning bizga bergan sovg‘asi ekaniga ishonchim komil»
Bu kitobni o‘qiganlarning ko‘pi uning yozuvchilaridan biri bo‘lmish Pavlus kabi xulosaga kelishgan: «Muqaddas Yozuvlarning hammasi Xudo tomonidan ilhomlantirilgan». (2 Timo‘tiyga 3:16) Ular Muqaddas Kitob Xudoning noyob Kalomi ekaniga va Alloh uni bizning kunlargacha saqlab kelganiga ishonishadi. So‘zlari birinchi maqolada keltirilgan Fayzal faktlarni o‘rganish uchun Muqaddas Kitobni shaxsan tadqiq qilishga qaror qildi. Bilib olganlari uni hayratda qoldirdi. Ko‘p o‘tmay xristian dinlarida keng tarqalgan ta’limotlarning aksariyati bu kitobda yo‘qligini bilib oldi. Bundan tashqari, Xudoning Kalomidan Uning Yer sayyorasiga nisbatan niyati haqida bilib rosa ta’sirlanib ketdi.
Fayzal shunday dedi: «Qo‘limizdagi Muqaddas Kitob bu Xudoning bizga bergan sovg‘asi ekaniga ishonchim komil. Koinotni yaratgan Alloh nahotki bizga O‘z kitobini berishga va uni saqlab qolishga qodir bo‘lmasa?! Bunga ishonmaslik aslida Xudoning qudratidan shubhalanish bilan barobar. Men kim bo‘libmanki Qodir Allohdan shubhalansam?!» (Ishayo 40:8)