Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQOVADAGI MAVZU | QAY YO‘SIN MUQADDAS KITOBNI O‘QISHDAN QO‘PROQ FOYDA OLSA BO‘LADI?

Qay yo‘sin o‘qishni qiziqarli qilsa bo‘ladi?

Qay yo‘sin o‘qishni qiziqarli qilsa bo‘ladi?

Muqaddas Kitobni o‘qish. Siz uchun zerikarlimi yoki qiziqarlimi? Ko‘p narsa siz qanday yondashuvni tanlashingizga bog‘liq. Keling, qiziqishingizni orttiradigan va maza qilib o‘qishingizga ko‘maklashadigan bir nechta maslahatni ko‘rib chiqamiz.

Ishonchli va zamonaviy tildagi tarjimani tanlang. Agar kitobdagi ma’lumot juda murakkab bo‘lsa yoki siz ma’nosini bilmaydigan eskirib qolgan so‘zlar ishlatilgan bo‘lsa, uni maza qilib o‘qishingiz amrimahol. Agar so‘zlari qalbingizga ta’sir qilishini istasangiz, tushunilishi oson tildagi Muqaddas Kitobni toping. Shu bilan birga u sinchkovlik bilan, aniq tarjima qilingan bo‘lishi kerak a.

Zamonaviy texnologiyalardan foydalaning. Bugungi kunda Muqaddas Kitob nafaqat bosma ko‘rinishda, balki raqamli formatda ham mavjud. Ayrim Muqaddas Kitoblarni onlayn o‘qish yoki kompyuterga, planshetga va mobil telefonga yuklab olib o‘qisa bo‘ladi. Ularning ba’zilarida qo‘shimcha funksiyalar bor bo‘lib, tanlangan mavzuga tegishli boshqa oyatlarni darhol ko‘rish yoki hatto bir nechta tarjimani solishtirish imkonini taqdim etadi. Agar siz o‘qishdan ko‘ra tinglashni ma’qul ko‘rsangiz, ayrim tillarda Muqaddas Kitobning audio formati ham mavjud. Ko‘p odamlar jamoat transportida ketayotganda, sayr qilganda yoki sharoit yo‘l qo‘ysa turli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganda audio formatini tinglaydi. Siz ham o‘zingizga ma’qul bo‘lganini tanlang!

Muqaddas Kitob tadqiqi uchun qo‘llanmalar. Bunday qo‘llanmalar o‘qish jarayonini siz uchun yanada qiziqarli qiladi. Ularda Muqaddas Kitobda aytib o‘tilgan joylarning xaritalari bor bo‘lib, o‘qish jarayonida nomi uchragan hududlarni topishingiz va bayon etilgan voqealarni tasavvur qilishingiz mumkin. Mazkur jurnaldagiga o‘xshash maqolalar yoki jw.org veb-saytidagi «Muqaddas Kitob ta’limotlari» bo‘limidagi maqolalar ko‘p oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi.

Yondashuvingizni xilma-xil qiling. Agar Muqaddas Kitobni boshdan oxirigacha o‘qish siz uchun mushkul bo‘lsa, o‘zingizga yoqadigan qismidan o‘qishni boshlash haqida nima deysiz?! Bordi-yu Muqaddas Kitobdagi biror qahramon haqida bilmoqchi bo‘lsangiz, u holda bu inson eslatib o‘tilgan parchalarni o‘qishdan boshlash to‘g‘risida qanday fikrdasiz?! Bunday yondashuv « Muqaddas Kitobni undagi qahramonlar bilan tanishib kashf eting» nomli ramkada keltirilgan. Istasangiz uni mavzular bo‘yicha yoki bayon etilgan voqealar xronologiyasiga ko‘ra o‘qisa bo‘ladi. Xo‘sh, qay biridan boshlamoqchisiz?!

a Ko‘plar «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ni aniq, ishonchli va o‘qish oson tarjima deb topgan. Yahovaning Shohidlari nashr etgan Muqaddas Kitobning ushbu tarjimasi 180 dan oshiq tilda mavjud. Siz uni jw.org veb-saytidan yuklab olishingiz yoki «JW Library» ilovasida topishingiz mumkin. Agar istasangiz Yahovaning Shohidlari kitobning bosma nashrini uyingizga yetkazib berishlari mumkin.