6- QISM
Odam mevasi — farzand
«O‘g‘illar Egamizdan merosdir» (Zabur 126:3).
Er-xotin uchun bola tug‘ilishi ham quvonch, ham tashvish keltirishi mumkin. Yaqinda farzand ko‘rgan ota-ona, endi vaqti va kuchining ko‘pi asosan bolasiga g‘amxo‘rlik qilishga ketayotganidan ajablanishlari mumkin. Uyquga to‘ymaslik va hissiy o‘zgarishlar munosabatlarini taranglashtirishi hech gap emas. Eru xotin farzandiga g‘amxo‘rlik qilishi va nikohi mustahkam bo‘lishi uchun moslashishiga to‘g‘ri keladi. Qanday qilib Muqaddas Kitobdagi maslahatlar qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi?
1 O‘ZGARISHLARGA TO‘G‘RI MUNOSABATDA BO‘LING
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Sevgi uzoq sabrli va mehribondir... o‘z manfaatini ko‘zlamaydi, achchiqlanmaydi» (1 Korinfliklarga 13:4, 5). Yosh onaning butun fikr-xayoli chaqalog‘ida bo‘lishi tabiiy hol. Ammo eri o‘zini keraksiz deb his qilishi mumkin. Shuning uchun, xotin eri ham e’tiboriga muhtoj ekanini unutmasligi lozim. Xotin, sabr va mehr ila eri o‘zini kerakli hamda bolaga g‘amxo‘rlik qilishda u ham hissa qo‘shayotganini his etishiga yordam bera oladi.
«Siz — erlar, bundan buyon ham xotinlaringiz bilan olgan bilimingizga yarasha muomala qilinglar» (1 Butrus 3:7). Rafiqangiz ko‘p kuchini bolaga sarflayotganini tushunsangiz yaxshi bo‘lardi. Uning yangi mas’uliyatlari paydo bo‘lgani uchun, bundan stress his qilishi, charchashi yoki hatto tushkunlikka tushishi mumkin. Vaqt-vaqti bilan sizga ham jahl qilar, ammo bu vaziyatda xotirjamlikni saqlashga intiling, chunki «jahlini tiygan — qudratlidan... yaxshiroq» (Hikmatlar 16:32). Aql-idrokni namoyon etib, jufti halolingizdan kerakli yordamingizni ayamang (Hikmatlar 14:29).
FOYDALI MASLAHATLAR
-
Otalarga: Hatto tunda ham xotiningizga bolaga g‘amxo‘rlik qilishda yordamlashing. Rafiqangiz bilan bolangizga ko‘proq vaqt ajratishingiz uchun boshqa ishlarga mo‘ljallangan vaqtingizni qisqartiring.
-
Onalarga: Eringiz bolaga qarashda yordamini taklif qilsa, buni rad etmang. Agarda biron ishni yaxshi eplay olmayotgan bo‘lsa, tanqid qilishning o‘rniga, unga xayrixohlik ila buni qanday to‘g‘ri qilish mumkinligini ko‘rsating.
2 MUNOSABATLARINGIZNI YANADA KUCHAYTIRINGLAR
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Ikkalasi bir tan bo‘ladilar» (Ibtido 2:24). Hatto oilangizga yana bir a’zo qo‘shilgan bo‘lsa ham, siz va umr yo‘ldoshingiz «bir tan» ekaningizni yodda tuting. Orangizdagi rishtalar mustahkam bo‘lib qolishiga bor kuchingiz bilan tirishing.
Aziz onalar, eringizning yordamini va qo‘llab-quvvatlashini qadrlang. Minnatdorlik so‘zlaringiz ramziy ma’noda «shifo beradi» (Hikmatlar 12:18). Erlar, rafiqangizni qanchalik sevib qadrlashingizni ayting. Uni oilaga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun maqtang (Hikmatlar 31:10, 28).
«Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin» (1 Korinfliklarga 10:24). Doimo umr yo‘ldoshingizning manfaatlarini yodda tuting. O‘zaro suhbatlashishga, bir-biringizni maqtashga va tinglashga vaqt ajrating. Jinsiy munosabatlarga keladigan bo‘lsak, nuqul o‘z ehtiyojlaringizni ko‘zlamang. Juftingizning ham ehtiyojlarini inobatga oling. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Bundan bir-biringizni mahrum etmanglar. Faqat o‘zaro kelishib olinglar» (1 Korinfliklarga 7:3–5). Hech narsani yashirmay, buni birga muhokama qiling. Sabrli bo‘lib, tushunishga harakat qilsangiz, munosabatlaringiz mustahkam bo‘ladi.
FOYDALI MASLAHATLAR
-
Ikkalangiz holi qolishingiz uchun vaqt ajratishni unutmang.
-
Umr yo‘ldoshingiz o‘zini sevimli his qilishi uchun, unga SMS yuborib yoki kichik sovg‘alar qilib turing.
3 CHAQALOG‘INGIZNI TARBIYALANG
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? O‘tmishda Xudoning yo‘lida tarbiyalangan bir yosh yigit haqida shunday yozilgan: «Sen bolaligingdanoq Muqaddas Yozuvlarni o‘rgangansan. Bu Yozuvlar esa seni... dono qilib, najot baxsh etadi» (2 Timo‘tiyga 3:15). Chaqalog‘ingizga ta’lim-tarbiya berish uchun nima qilishingizni rejalashtiring. Bola hatto dunyoga kelmasidan oldin, o‘rganish kabi ajoyib qobiliyatga ega. Onaning qornida go‘dak ovozlarning farqiga borib, tuyg‘ularni his eta oladi. Bola tug‘ilishi bilanoq unga o‘qish kerak. U o‘qiyayotganlaringizni tushunmasa-da, bu, bolangiz katta bo‘lganida o‘qish yoqimli bo‘lishiga yordam beradi.
Bolaga Xudo haqida chaqaloqligidanoq gapirish erta deb sira ham o‘ylamang. U Tangri Yahovaga ibodat qilayotganingizni eshitsin (Qonunlar 11:19). Hatto bolajoningiz bilan birga o‘ynayotganingizda ham, unga Xudoning ijodlari haqida aytib bering (Zabur 77:3, 4). Katta bo‘lgani sayin, siz Yahovani sevishingizni anglab, o‘zi ham Uni yaxshi ko‘rishni o‘rganadi.
FOYDALI MASLAHATLAR
-
Bolangizni tarbiyalash uchun alohida donolik so‘rab ibodat qiling.
-
Farzandingizga asosiy so‘zlar va fikrlarni takrorlab turing, shunda u bolaligidanoq bilim olishga o‘rganadi.