Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7- QISM

Suv bilan ekin o‘sar, tarbiya bilan — odam

Suv bilan ekin o‘sar, tarbiya bilan — odam

«Bugun men sizlarga bergan bu amrlarni yuragingizda saqlanglar. Bularni bolalaringizga ham o‘rgatinglar» (Qonunlar 6:6, 7).

Xudovand Yahova nikoh Asoschisidir va bolalarning tarbiyasini ota-onasining zimmasiga yuklagan (Kolosaliklarga 3:20). Shunday ekan, farzandlarida Yahovaga bo‘lgan sevgini o‘stirib, ularni mas’uliyatli insonlar qilib yetishtirish ota-onaning bo‘ynidadir (2 Timo‘tiyga 1:5; 3:15). Buning ustiga, o‘g‘il yoki qizining qalbi nimaga to‘la ekanini tushunishlari darkor. Albatta, ular bolasi uchun o‘rnak bo‘lishi zarur. Zero, Otajonimiz Yahovaning Kalomi birinchi navbatda ota-onaning yuragida bo‘lsa, shunda bolasiga ham uni o‘rgatish osonroq kechadi (Zabur 39:9).

1 BOLA O‘Z FIKRINI TORTINMAY AYTA OLSIN

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga... shoshilmasin» (Yoqub 1:19). Farzandingiz siz bilan erkin tarzda suhbatlashishi o‘ta muhim. U gaplashmoqchi bo‘lganda, siz uni doim tinglashga tayyor ekaningizda amin bo‘lishi zarur. Oilangizda tinchlik hukm sursa, bolangiz o‘z fikri va tuyg‘ularini bemalol izhor etadi (Yoqub 3:18). Agar u, sizni qattiqqo‘l yoki hukm qiladigan deb bilsa, siz bilan ochiq-oydin suhbat qurishi amri mahol bo‘ladi. Bolangizga nisbatan sabr-toqatli bo‘lib, unga sevishingizni tez-tez aytib turing (Matto 3:17; 1 Korinfliklarga 8:1).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Bolangiz siz bilan gaplashmoqchi bo‘lganda, uni tinglashga tayyor bo‘ling.

  • Farzandingiz faqatgina muammoga duch kelgandagina emas, balki muntazam gaplashib turing.

2 NIMA DEMOQCHI EKANINI TUSHUNISHGA INTILING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Odamning so‘zlari chuqur suvga o‘xshaydi» (Hikmatlar 18:4). Gohida, bolaning so‘zlari ortida haqiqatdan ham qanday tuyg‘ular borligini anglash uchun urinish kerak bo‘ladi. Odatda, o‘smirlar aslida o‘zlari nazarda tutmagan narsalarni bo‘rttirib aytishlari hech gap emas. Unutmangki, «oxirigacha tinglamay javob bergan ahmoqdir» (Hikmatlar 18:13). Shuning uchun, ruhingiz tushishiga yo‘l qo‘ymang (Hikmatlar 19:11).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Farzandingiz nima deyishidan qat’i nazar, gapini bo‘lmang yoki qaynab ketishdan o‘zingizni tiying.

  • Uning yoshida o‘zingiz qanday o‘ylaganingizni va siz uchun nima muhim bo‘lganini eslashga urining.

3 AHILLIKDA ISH BITAR

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «O‘g‘lim, otang nasihatlariga quloq sol, onang o‘gitlarini rad etma» (Hikmatlar 1:8). Allohimiz Yahova ham otaga, ham onaga bolalarni katta qilish vazifasini topshirgan. Farzandingiz sizni hurmat qilishga va quloq solishga o‘rganishi lozim (Efesliklarga 6:1–3). Agar ota-ona «bir o‘y... orqali yakdillikni saqlamasa», bolalar buni darrov ilg‘ab olishadi (1 Korinfliklarga 1:10). Bordi-yu, siz umr yo‘ldoshingizning gapiga qo‘shilmayotgan bo‘lsangiz, bolalarning oldida emas, ikkovingiz holi qolib buni hal qiling. Yo‘qsa, ularning nazarida ota-ona sifatidagi obro‘yingiz tushishi mumkin.

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Bolaga qay yo‘sin ta’lim-tarbiya berish masalasida kelishib olinglar.

  • Tarbiya borasida umr yo‘ldoshingiz bilan turli fikrda bo‘lsangiz, uning nuqtai nazarini tushunishga intiling.

4 REJALI ISH BUZILMAS

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Bolani to‘g‘ri yo‘lga solib tarbiyala» (Hikmatlar 22:6). Farzandlar o‘z-o‘zidan tarbiyali va odobli bo‘lib qolishmaydi. Ota-ona hammasini, jumladan bolaga ta’lim-tarbiya berishni ham yaxshilab rejalashtirishi darkor (Zabur 126:4; Hikmatlar 29:17). Shunisi qiziqki, ta’lim-tarbiya berish doim ham jazolashni anglatmaydi. Aksincha bu, bola u yoki bu qoidaning negizini anglashiga yordam berish demakdir (Hikmatlar 28:7). Qolaversa, bolajonlaringizda Xudoning Kalomiga nisbatan sevgini uyg‘oting va unda yozilgan me’yorlarni fahmlashiga o‘rgating (Zabur 1:2). Shu yo‘sin, ularning vijdoni yaxshi tarbiyalangan bo‘ladi (Ibroniylarga 5:14).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Bolangiz Allohni, chindan ham tayanishi mumkin bo‘lgan mavjud Shaxs deb bilishiga ko‘maklashing.

  • Farzandingizni masalan, Internet va ijtimoiy tarmoqlar ostida yashirilgan xavf-xataru tuzoqlardan boxabar bo‘lib, ulardan uzoqlashishga o‘rgating. Unga axloqiy jihatdan buzuvchi kimsalardan qanday yiroqlashish mumkinligini tushuntiring.

«Bolani to‘g‘ri yo‘lga solib tarbiyala»