10- QISM
Imonning Dushmani kim?
YER YUZINI yaratishdan ancha oldin Alloh Yahova osmonda farishtalarni yaratgan. Biroq, vaqt o‘tib bir farishtada noto‘g‘ri istak tug‘ildi. Ya’ni u odamlarning Allohga emas, unga topinishini xohladi. Bunday ehtirosga berilib, u Shaytonga aylandi. Bu so‘zning ma’nosi «dushman» deganidir. Xo‘sh, qanday qilib Shayton Allohga qarshi chiqdi?
Shayton Momohavoni yo‘ldan urib, uni Allohga itoat etmaslikka undadi. Hiyla-nayrang ishlatib Shayton Momohavoning e’tiborini Alloh Yahova mevalaridan yemaslikni buyurgan muayyan daraxtga qaratdi. So‘ng, Tangrining ulardan yaxshi bir narsani yashirayotganini aytdi. Shayton Allohni aldoqchiga chiqarib, Momohavoni Uning boshqaruvidan bosh tortishga undadi. Shayton shunday deb aytdi: «Xudo biladiki, sizlar bu mevalardan yesalaringiz, ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar» (Ibtido 3:5). Momohavo ahmoqlik qilib, Shaytonning yolg‘on gaplariga ishondi. U Allohning qonunini buzib, Odamatoni ham shunday yo‘l tutishga ko‘ndirdi. O‘sha paytdan boshlab Shayton haqiqiy imonni namoyon etgan kishilarning dushmani bo‘lib qoldi. Bugun ham Shayton odamlarni aldab yuribdi. Qanday qilib deysizmi?
Soxta imonning tarqalishi
Isroil avlodining imonini buzish uchun Shayton butparastlik va insoniy urf-odatlardan foydalandi. Iso Masih zamondoshi bo‘lgan ulamolarga topinishlari behuda ekanini aytgan, chunki ular «inson ta’limotini» o‘rgatib yurishgan (Matto 15:9). O‘sha xalq Masihni rad etgani bois, Alloh ham ulardan voz kechdi. Hazrati Iso ularga: «Xudoning Shohligi sizlardan tortib olinib, samara keltiradigan boshqa xalqqa beriladi»,— deb aytgan (Matto 21:43). Keyinchalik Isoning izdoshlari Xudo yorlaqagan xalq bo‘lishdi.
Endi esa Shayton Iso payg‘ambarning izdoshlarini yo‘ldan urishga kirishdi. Xo‘sh, bu uning qo‘lidan keldimi? Iso alayhissalom bo‘lajak hodisalarni bashoratli bir masal tariqasida aytib berdi. O‘sha masalda bir kishi o‘z dalasida yaxshi bug‘doy ekibdi. Keyin, dushman kelib, bug‘doy orasiga begona o‘t urug‘larini sepib ketibdi. Bug‘doyni ham, begona o‘tni ham o‘rim-yig‘imgacha o‘sishga qoldirishibdi. So‘ngra, begona o‘tlarni yig‘ib, yoqib yuborishibdi, bug‘doylarni esa xo‘jayinning omboriga to‘plashibdi.
Bundan so‘ng, Iso payg‘ambar shogirdlariga bu masalning ma’nosini tushuntirdi. Uning o‘zi — Xo‘jayindir. «Yaxshi urug‘lar — shohlik o‘g‘illari; begona o‘tlar esa — yovuz Shaytonning o‘g‘illaridir, ularni ekkan dushman — Iblisdir. O‘rim-yig‘im — oxirzamon, o‘roqchilar esa — farishtalardir» (Matto 13:38, 39). Iso o‘z shogirdlarini bug‘doy bilan solishtirdi. Ammo Shayton bug‘doy orasiga begona o‘tlar bilan taqqoslangan soxta shogirdlarni ekkan. Shu yo‘sin, Isoning o‘zi bashorat qilganidek, uning vafotidan so‘ng asrlar mobaynida soxta shogirdlar paydo bo‘lgan. Ular soxta ta’limotlarni, jumladan uch qiyofali xudo to‘g‘risidagi g‘oyani yoyib yuborishgan. Soxta shogirdlar shuningdek, butlarga sig‘inib, siyosatga aralashadigan bo‘lishdi. Hazrati Isoning ta’limotlariga amal qiladigan shogirdlarning soni esa ko‘p bo‘lmagan.
Haqiqiy imon saqlanib qoldi
Biroq, Iso alayhissalomning tushuntirishicha, oxiri o‘zgarish bo‘ladi. Farishtalar haqiqiy imoni bo‘lmagan odamlarni yo‘q qilish uchun ularni ajratib qo‘yishadi. O‘shanda haqiqiy imoni bor bo‘lganlarni aniqlash oson kechadi. Oxir-oqibat, imonning azaliy dushmani Iblis Shayton ham daf qilinadi. Shunda haqiqiy imon zafar qozonadi!
Lekin haqiqiy imoni bor bo‘lgan kishilarni qanday aniqlash mumkin? Bu savolning javobi keyingi qismda muhokama qilinadi.