Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6- QISM

Ayubning benuqsonligi

Ayubning benuqsonligi

Ayub Xudoning nazarida benuqson ekanini Shayton shubha ostiga qo‘yadi, lekin u Yahovaga sodiq qoladi

ODAM og‘ir sinovlarni boshdan kechirsa va itoatkorligi unga foyda keltirmasa, Allohga sodiq qoladimi? Bu munozarali masala, Ayub ismli kishiga nisbatan ko‘tarilgan bo‘lib, o‘sha paytning o‘zida hal qilingan.

Isroilliklar Misrda yashaganda, Ibrohimning qarindoshi Ayub Arabistonda istiqomat qilardi. Bir safar Xudoning huzuriga farishtalar yig‘ilganida, ularga qo‘shilib Shayton Iblis ham keladi. Samoviy mavjudotlar oldida Tangri Yahova Ayubning sadoqatli ekanini va benuqsonlikda unga teng keladigani yo‘qligini ishonch bilan aytadi. Shayton esa, Alloh Ayubga baraka berayotgani va uni himoya qilayotgani uchun xudojo‘y ekanini ta’kidlaydi. Bu isyonkor farishtaning fikricha, Ayub bor-budidan mahrum bo‘lsa, Xudoni la’natlar emish.

Alloh Taolo Shaytonga, Ayubning boyligi hamda farzandlarini tortib olishga, so‘ng uni azobli kasallikka yo‘liqtirishga ruxsat beradi. Buning orqasida Shayton turganini bilmagan Ayub, Xudo uni nega bunday sinovlarga giriftor qilganini tushunmagan edi. Shunga qaramay, u Allohdan yuz o‘girmadi.

Ayubning oldiga uchta soxta do‘sti kelib, uni ayblashga tushadi. Ularning fikricha, Xudovand Ayubni yashirincha qilgan gunohlari uchun jazolayotgan ekan. Bundan tashqari, ushbu soxta do‘stlar Alloh O‘z xizmatchilaridan aslo rozi bo‘lmasligini va ularga umuman ishonmasligini aytishadi. Ayub esa, bunaqa bo‘htonlarga laqqa tushmaydi. Aksincha, to o‘lguniga qadar benuqsonligidan qaytmasligini aminlik ila aytadi!

Lekin, Ayub o‘zini haddan ortiq oqlab, xatoga yo‘l qo‘yadi. Ayub va uchta do‘stining muzokarasini tinglab bo‘lgach, hammasidan yosh bo‘lgan Elixu so‘z boshlaydi. U, odam o‘zini oqlashdan ko‘ra, Yahovaning hukmdorligini oqlashi muhimroq ekanini ta’kidlab, Ayubning fikrini to‘g‘riladi. Keyin esa, Elixu Ayubning haligi uchta soxta do‘stiga ham jiddiy tanbeh beradi.

Yahovaning O‘zi ham Ayubga gapirib, uning nuqtai nazarini to‘g‘rilaydi. Egamiz, Ayubning e’tiborini ajoyib ijodlariga qaratib, Xudoning ulug‘vorligi oldida odam hech nima ekanini ko‘rsatadi. Ayub nohaqligini kamtarlik ila tan oladi. «Mehr-shafqatli, rahmdil» bo‘lgan Yahova, Ayubga shifo berib, uning boyligini ikki barobar oshiradi va o‘nta farzand ato etadi (Yoqub 5:11). Ayub dahshatli sinovlar ostida ham Xudoning nazarida benuqsonlikni saqlab, Shayton ko‘targan munozarali masala yolg‘on ekanini isbotladi.

Ayub kitobiga asoslangan.