Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7- QISM

Xudo isroilliklarni xalos etadi

Xudo isroilliklarni xalos etadi

Yahova Misrga falokat yuboradi, Muso payg‘ambar esa isroilliklarni mamlakatdan olib chiqadi. Xudo Muso orqali Isroil xalqiga Tavrot qonunini beradi

ISROILLIKLAR Misrda uzoq vaqt yashagach, gullab-yashnab, nihoyatda ko‘payib ketishdi. Mamlakatni Yusufni tanimaydigan yangi fir’avn boshqarayotgan edi. Ushbu zolim hukmdor isroilliklarning ko‘payib ketayotganidan qo‘rqib, ularni qul qiladi. Yangi tug‘iladigan o‘g‘il bolalarni esa, Nil daryosiga cho‘ktirishni buyuradi. Lekin bir jasoratli ayol, o‘z o‘g‘lini saqlab qolish niyatida, uni savatga soladi-da, qamishzor orasiga qo‘yib ketadi. Chaqaloqni fir’avnning qizi topib olib, unga Muso deb ism beradi va uni o‘z o‘g‘lidek voyaga yetkazadi.

Muso 40 yoshda bo‘lganida, bir isroillik qulni misrlikning qo‘lidan xalos qilaman deb, muammo orttiradi. Shundan so‘ng, uzoq yurtlarga qochib, u yerlarda musofir bo‘lib kun kechirishga majbur bo‘ladi. 80 yoshga kirganida esa, Yahova uni qaytadan Misrga jo‘natadi. U fir’avnga Xudoning xalqini qo‘yib yuborish talabi bilan murojaat qilishi kerak edi.

Fir’avn hech ikkilanmay rad javobini bergani uchun, Xudo Misrga o‘nta falokatni yuboradi. Muso har safar fir’avnni ogohlantirmoqchi bo‘lib, unga falokatning oldini olish imkoniyatini beradi. Ammo o‘jar fir’avn Musoning xabarini ham, uning Xudosi Yahovani ham tan olmaydi. O‘ninchi jazo kelganda Misrdagi barcha jonzotning to‘ng‘ichi o‘ldiriladi. Lekin Allohga quloq solib, qurbon qo‘zisining qonini eshiklarining romiga surtgan kishilarning boshiga bunday kulfat tushmaydi. Qirg‘in keltirgan Xudoning farishtasi ularning uyini chetlab o‘tadi. Bundan buyon, isroilliklar bu ajoyib kunni har yili Fisih bayrami sifatida nishonlaydigan bo‘lishadi.

Fir’avn to‘ng‘ich o‘g‘lidan ayrilib qolganidan so‘ng, Musoga va barcha isroilliklarga Misrni tark etishni buyurdi. Ular o‘sha kunning o‘zidayoq Misrdan chiqishdi. Biroq, fir’avn niyatidan qaytib, ko‘plab askarlariyu aravalarini olib isroilliklarni quvishga tushdi. Isroilliklar Qizil dengizga yetib kelishganida, ular go‘yo tuzoqqa tushib qolishgan edi. Lekin Yahova dengizni ikkiga bo‘lganida, ular qup-quruq yerdan o‘tib ketishdi. Isroilliklarning ketidan misrliklar tushib kelishganida esa, Xudo suv devorlarini qo‘yib yubordi, shunda fir’avn va uning askarlari cho‘kib ketishdi.

Keyinchalik isroilliklar Sinay tog‘i yonbag‘rida yig‘ilishganida, Yahova ular bilan ahd tuzdi. Muso payg‘ambar orqali, Xudo ularga qonunlarini berdi. Mana shu qonunlar hayotning har bir sohasida ular uchun himoya va yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilishi kerak edi. Isroilliklar Allohning boshqaruviga itoatli bo‘lishga va’da berishdi. O‘z navbatida, Xudovand ham ular bilan bo‘lib, mana shu xalq orqali boshqalarni barakali qilishini aytdi.

Ammo isroilliklarning aksariyati ishonchsizlik qilib, Xudoni ranjitishdi. Shuning uchun, Yahova ushbu naslni 40-yil sahroda sargardon bo‘lib yurishga majbur qildi. So‘ng esa, Muso ishonchli kishini, ya’ni Yoshuani o‘zining o‘rniga bosh qilib tayinladi. Xalq, Xudo Ibrohim Xalilullohga va’da qilgan yerning ostonasida turgan edi.

Chiqish, Levilar, Sahroda va Amrlar kitoblarga, shuningdek Zabur 135:10–15 va Havoriylar 7:17–36- oyatlarga asoslangan.