14-DARS
Nega Alloh tashkilot barpo etgan?
1. Nima uchun Xudo qadimgi Isroil xalqini tashkil etgan?
Tangri Ibrohim payg‘ambar naslidan bir xalq tashkil etib, ularga qonun-qoidalar bergan. Alloh bu xalqni «Isroil» deb nomlab, ularga haq dinni va O‘z Kalomini asrab-avaylashni amr etgan. (Zabur 147:19, 20) Bu tufayli barcha xalqlar Xudoga yaqinlashish imkoniga ega bo‘lishgan. Ibtido 22:18 ni o‘qing.
Isroilliklar Tangrining shohidlari bo‘lish uchun tanlangan edi. Qadimgi Isroil xalqining tarixi Allohning qonun-qoidalari bo‘yicha yashash oqilona ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi. (Qonunlar 4:6) Isroilliklarni kuzatib turgan boshqa xalqlar haq Taoloni tanib-bilishlari mumkin edi. Ishayo 43:10, 12 ni o‘qing.
2. Nima uchun Xudo masihiylar jamoatini tashkil etgan?
Vaqt o‘tib, isroilliklar Allohning marhamatidan ayrildi va Yahova masihiylar jamoatini tashkil etdi. (Matto 21:43; 23:37, 38) Endi isroilliklarning o‘rniga masihiylar Yahovaning shohidlari sifatida xizmat qilishmoqda. Havoriylar 15:14, 17 ni o‘qing.
Hazrati Iso izdoshlariga xushxabarni va’z qilib, barcha xalqlardan shogird tayyorlashni buyurgan. (Matto 10:7, 11; 24:14; 28:19, 20) Ushbu oxirzamonning so‘nggi damlarida mazkur faoliyat keng ko‘lamda olib borilmoqda. Tarixda ilk bor Yahova barcha xalqlardan millionlab odamlarni haq dinda birlashtirdi. (Vahiy 7:9, 10) Masihiylar bir-birini qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro dalda topish uchun bitta tashkilot bo‘lishdi. Ular dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan yig‘ilishlarida Muqaddas Kitobni bitta dastur bo‘yicha tadqiq qilishadi. Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.
3. Yahova Shohidlarining zamonaviy faoliyati qanday boshlangan?
1870-yillarda Muqaddas Kitob tadqiqotchilarining kichik bir guruhi anchadan beri unutilib ketgan Xudoning Kalomidagi haqiqatlarni asta-sekin yuzaga chiqara boshladi. Iso masihiylar jamoatini Shohlik haqidagi xushxabar va’z qilinishi uchun tashkil etganini bilishgani sababli, ular dunyo bo‘ylab va’zgo‘ylik faoliyatini boshlashdi. 1931-yildan beri ular Yahovaning Shohidlari deb nomlanadi. Havoriylar 1:8; 2:1, 4; 5:42 ni o‘qing.
4. Yahova Shohidlarining tashkiloti qanday tuzilgan?
Birinchi asrda turli mamlakatlardagi jamoatlar Isoni jamoat boshi deb tan olgan yetakchi kengashga bo‘ysunishardi. (Havoriylar 16:4, 5) Bugungi kunda Yahova Shohidlarining ham tajribali oqsoqollardan iborat bo‘lgan Yetakchi kengashi bor. Ular Yahova Shohidlarining filiallarini nazorat qiladi. Filiallarda esa Muqaddas Kitobni tadqiq etish uchun mo‘ljallangan adabiyotlar 800 dan ziyod tillarga tarjima qilinadi va tarqatiladi. Bu tufayli Yetakchi kengash jahon bo‘ylab 120 000 dan ortiq jamoatlarga Muqaddas Kitobga asoslangan pand-nasihat va yo‘l-yo‘riq berish imkoniyatiga ega. Har bir jamoatda muayyan talablarga mos kelgan erkaklar oqsoqol yoki nozir bo‘lib xizmat qiladi. Ular Allohning suruvini mehr ila boqishadi. 1 Butrus 5:2, 3 ni o‘qing.
Yahova Shohidlarining tashkiloti xushxabarni va’z etish va shogird tayyorlash maqsadida tuzilgan. Havoriylarga o‘xshab biz ham uyma-uy yurib va’z qilamiz. (Havoriylar 20:20) Haqiqatni bilishni xohlagan har bir samimiy insonga Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni taklif etamiz. Lekin Yahovaning Shohidlari shunchaki bir tashkilot emas. Biz inoq bir oilamiz va bizning mehribon Otamiz bor. Biz bir-birimizga g‘amxo‘rlik qiladigan aka-uka va opa-singillarmiz. (2 Salonikaliklarga 1:3) Yahovaning xalqi Uni rozi qilish va boshqalarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan ekan, demak, ular yer yuzidagi eng baxtli oiladir. Zabur 33:12; Havoriylar 20:35 ni o‘qing.