2 Timo‘tiyga 3:1-17
3 Ammo shuni bilginki, oxirzamonda*+ nihoyatda og‘ir vaqtlar keladi.
2 Sababi, o‘sha paytda odamlar o‘zini sevadigan, pulparast, maqtanchoq, kekkaygan, kufr so‘zlarini aytuvchi, ota-onaga itoatsiz, noshukur, sadoqatsiz,
3 mehrsiz, murosasiz, tuhmatchi, o‘zini tuta bilmaydigan, shafqatsiz, yaxshilikdan nafratlanadigan*,
4 sotqin, o‘zboshimcha, mag‘rur, Allohni emas, aysh-ishratni sevadigan bo‘ladilar.
5 O‘zlarini xudojo‘y qilib ko‘rsatishadi-yu, amalda esa bunga rioya qilishmaydi+. Bundaylardan qoch.
6 Ularning orasidan shundaylar chiqadiki, ular chaqqonlik bilan uylarga suqilib kirib, gunohga botgan va turli hirs-u havaslarga berilgan zaif ayollarni o‘zlariga asir qilib olishadi.
7 Ushbu ayollar hamisha ta’lim olishadi-yu, lekin hech qachon haqiqatni to‘liq tushuna olishmaydi.
8 Yanniy bilan Yambriy Muso payg‘ambarga qanday qarshi turgan bo‘lsalar, ular ham haqiqatga xuddi shunday qarshi turadilar. Ular tamoman aqli buzuq, imon yo‘lida Allohga ma’qul kelmaydigan kishilardir.
9 Ammo ular muvaffaqiyat qozona olmaydilar, boisi, o‘sha ikki kishining aqlsizligi ma’lum bo‘lganidek, ularning ham aqlsizligi hammaga ma’lum bo‘ladi+.
10 Sen esa qanday ta’lim berganimga, hayot tarzimga+, maqsadimga, imonimga, sabr-toqatimga, muhabbatimga, bardoshimga qat’iy ergashding.
11 Bundan tashqari, Antioxiya+, Ikoniya+ hamda Listrada+ boshimdan o‘tgan azoblar va ta’qiblarni bilasan. Men bularni boshdan kechirdim va Hazratimiz* barcha bu ta’qiblardan meni xalos etdi+.
12 Iso Masihning izdoshi sifatida xudojo‘y bo‘lib hayot kechirishni istaydigan barcha ta’qiblarga duchor bo‘ladi+.
13 Lekin yomon insonlar va yolg‘onchilar o‘zlari yanglishibgina qolmay, boshqalarni ham yo‘ldan ozdirib, tobora razillashib boradilar+.
14 Sen bo‘lsa, olgan ta’limingga va to‘g‘riligiga o‘zing ishonch hosil qilgan narsalarga rioya qil+, chunki bularni kimdan olganingni bilasan.
15 Sen bolaligingdanoq*+ Muqaddas Yozuvlarni o‘rgangansan+. Bu Yozuvlar esa seni Iso Masih bilan bog‘liq bo‘lgan imon orqali dono qilib, najot baxsh etadi+.
16 Muqaddas Yozuvlarning hammasi Xudo tomonidan ilhomlantirilgan bo‘lib+, o‘rgatish+, tanbeh berish, tuzatish, adolat yo‘lida tarbiyalash uchun foydalidir+.
17 Toki Allohning xizmatchisi har taraflama bilimga ega bo‘lib, har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor tursin.
Izohlar
^ Yoki «oxirgi kunlarda».
^ Yoki «himmatni yaxshi ko‘rmaydigan».
^ Yoki «Rabbimiz», yun. Kirios.
^ Yoki «chaqaloqligingdanoq».