Matto 27:1-66
27 Tong otganda bosh ruhoniylar va xalq oqsoqollarining barchasi Isoni o‘ldirishga o‘zaro maslahatlashishdi+.
2 Nihoyat uning qo‘llarini bog‘lashdi-da, olib borib hokim Pilatga topshirishdi+.
3 Isoni o‘limga mahkum etishganini bilib, xoin Yahudoning vijdoni qiynay boshladi. Keyin u 30 kumush tangani bosh ruhoniylar va oqsoqollarga olib borib+,
4 shunday dedi: «Men beayb kishiga* xiyonat qilib, gunohga qo‘l urdim». Ular esa: «Bizga nima, tag‘in o‘zing bilasan!» — deyishdi.
5 U esa kumush tangalarni ma’badda tashlab, u yerdan chiqib ketdi-da, borib o‘zini osdi+.
6 Bosh ruhoniylar bo‘lsa kumush tangalarni olib shunday deyishdi: «Bularni xazina qutisiga solish noqonuniy, chunki ular qon narxidir».
7 Maslahatlashib olgach, ular bu pulga musofirlarni ko‘mish uchun kulolning yerini sotib olishdi.
8 Ana shu sababdan o‘sha yer bugungacha «Qon yeri» deb nomlanadi+.
9 Shu tariqa Yeremiyo* payg‘ambar orqali aytilgan mana bu so‘zlar ro‘yobga chiqdi: «Ular 30 kumush tangani — Isroil o‘g‘illaridan ayrimlari unga qo‘ygan narxni olib,
10 uni Yahovaning* menga bergan buyrug‘iga ko‘ra kulolning yeri evaziga berishdi»+.
11 Iso hokim Pilatning qarshisida turgan edi. Pilat uni so‘roqqa tutdi: «Sen yahudiylarning shohimisan?» Iso unga javoban: «O‘zingiz aytdingiz»,— dedi+.
12 Ammo bosh ruhoniylar va oqsoqollarning ayblovlariga Iso hech narsa demadi+.
13 Shunda Pilat undan so‘radi: «Bo‘yningga qanaqa ayblar qo‘yishayotganini eshityapsanmi?»
14 U hech javob qaytarmayotganidan, biror so‘z aytmaganidan hokim juda hayron bo‘ldi.
15 Har Fisih bayramida hokimning xalq istagan mahbusni ozod etish odati bor edi+.
16 Aynan o‘sha paytda ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Barabba ismli bir jinoyatchi qamoqda o‘tirgandi.
17 Xalq yig‘ilganda Pilat ulardan so‘radi: «Kimni ozod qilishimni istaysizlar: Barabbanimi yoki Masih deb atalgan Isonimi?»
18 Ular Isoni ko‘rolmaganidan uning qo‘liga topshirishganini Pilat bilardi.
19 Boz ustiga, Pilat hakamlik kursisiga o‘tirgan paytda, xotini shunday xabar yubordi: «Bu odil kishiga tegmang, chunki men bu kecha tushimda uni deb ko‘p azob chekdim».
20 Ammo bosh ruhoniylar-u oqsoqollar Barabbani ozod etib+, Isoni o‘ldirishni so‘ranglar+, deb xalqni qayrab qo‘yishdi.
21 Shuning uchun hokim: «Ikkalasidan qay birini ozod etishimni xohlaysizlar?» — deb so‘radi. Ular: «Barabbani»,— deyishdi.
22 Pilat ulardan yana so‘radi: «Unda Masih deb atalgan Isoni nima qilay?» Ularning hammasi: «Uni ustunga mixlating!» — deyishdi+.
23 «Nega? U nima yomonlik qilgan?» — deb so‘radi Pilat. Xalq esa: «Uni ustunga mixlating!» — deya yana battar baqirdi+.
24 Harakatlari behuda ekanini va shovqin-suron kuchayib borayotganini ko‘rgach, Pilat suv olib xalqning ko‘zi oldida qo‘lini chaydi-da, shunday dedi: «Bu kishining qoni to‘kilishida mening aybim yo‘q. Bunga o‘zlaringiz javobgarsiz».
25 Butun xalq javoban: «Uning qoni bizning va farzandlarimizning bo‘ynida bo‘ladi»+,— dedi.
26 Shunda Pilat Barabbani ozod qildi, lekin Isoni qamchilatib+, so‘ng ustunga mixlash uchun topshirdi+.
27 Keyin askarlar Isoni Pilatning saroyiga olib kelishdi va barcha askarlarni atrofiga to‘plashdi+.
28 Uni yechintirib, egniga qirmizi rangli yopinchiq tashlashdi+.
29 Boshiga esa tikanakdan to‘qilgan toj kiygizib, o‘ng qo‘liga tayoq tutqazib qo‘yishdi. So‘ngra uning oldida tiz cho‘kib, shunday deya masxara qilishdi: «Salom, yahudiylarning shohi!»
30 Unga tupurgancha+ qo‘lidagi o‘sha qamish tayoq bilan boshiga urishardi.
31 Masxara qilib bo‘lishgach, egnidagi yopinchiqni yechib, yana o‘zining ustki kiyimini kiydirishdi-da, ustunga mixlash uchun olib ketishdi+.
32 Ular u yerdan chiqib ketishayotganida, kirineyalik Simun ismli kishini uchratib qolishdi va uni Isoning azob ustunini* ko‘tarib borishga majburlashdi+.
33 Ular Go‘lgota, ya’ni Boshsuyagi degan joyga yetib kelishganida+,
34 Isoga achchiq narsa qo‘shilgan sharob ichirmoqchi bo‘lishdi+, ammo Iso tatib ko‘rib, ichgisi kelmadi.
35 Isoni ustunga mixlashganidan keyin qur’a tashlab, uning ustki kiyimini bo‘lib olishdi+.
36 So‘ng Isoni qo‘riqlab o‘tirishdi.
37 Boshining tepasida esa uning aybini ko‘rsatuvchi: «Bu yahudiylarning shohi Isodir»,— degan yozuvni osib qo‘yishdi+.
38 Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlab qo‘yishgandi — biri o‘ng, ikkinchisi chap tomonida edi+.
39 O‘tib ketayotganlar boshlarini chayqagancha+, Isoni haqoratlab+
40 shunday deyishardi: «Hoy, ma’badni buzib uch kun ichida tiklaydigan+, o‘zingni o‘zing qutqar-chi! Agar Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, qani azob ustunidan tush-chi!»+
41 Xuddi shunday bosh ruhoniylar bilan ulamolar hamda oqsoqollar uni masxara qilib quyidagilarni aytishardi+:
42 «Boshqalarni qutqarardi-yu, o‘zini qutqara olmayapti-ya! Axir u Isroilning shohi-ku+, qani azob ustunidan tushib ko‘rsin, shunda biz unga ishonamiz.
43 U Allohga umid bog‘lar edi. Agar Tangri undan mamnun bo‘lsa, qutqarsin+, chunki u: “Men Xudoning O‘g‘liman”+,— degandi».
44 U bilan birga mixlangan qaroqchilar ham uni haqoratlashardi+.
45 Kunduzi soat o‘n ikkilarda* butun yerni zulmat bosdi va bu taxminan soat uchgacha* davom etdi+.
46 Soat uchlar chamasida Iso baland ovozda shunday deb baqirdi: «Eli, Eli, lama sabaqtani?» Ya’ni: «Allohim, Allohim, nega meni tashlab qo‘yding?»+
47 O‘sha yerda turgan ba’zilar buni eshitib: «U Ilyos payg‘ambarni chaqiryapti-ku»,— deya boshlashdi+.
48 Ulardan biri yugurib borib shimgichni oldi-da, uni achigan sharobga botirdi va qamish tayoqqa ilib, ichirish uchun Isoga uzatdi+.
49 Boshqalari esa unga: «To‘xta-chi! Qani ko‘raylik, Ilyos payg‘ambar kelib uni qutqararmikin»,— deyishdi.
50 Iso yana baland ovozda baqirdi. Shundan so‘ng uning nafasi uzildi+.
51 Shu ondayoq ma’baddagi parda+ yuqoridan pastgacha+ ikkiga bo‘linib+, yirtilib ketdi. Yer larzaga kelib, qoyalar yorildi.
52 Mozorlar ochilib, o‘lgan* ko‘pgina muqaddas kishilarning jasadlari tashqariga chiqib qoldi
53 va ko‘pchilik ularni ko‘rdi. (Qabrlarni ziyorat qilgani borganlar, Iso tirilganidan keyin muqaddas shaharga kirib kelishdi.)*
54 Yuzboshi va Isoni qo‘riqlab turganlar zilzilani hamda yuz bergan voqealarni ko‘rib, dahshatga tushishdi-da: «Chindan ham u Xudoning O‘g‘li bo‘lgan ekan»,— deyishdi+.
55 Bu hodisalarni ko‘pgina ayollar uzoqdan kuzatib turishgandi. Ular Isoga xizmat qilish uchun Jaliladan ergashib kelishgandi+.
56 Ularning orasida magdalalik Maryam, Yoqub bilan Yozesning* onasi Maryam va Zabadiyning xotini bor edi+.
57 Kechga yaqin Isoning shogirdlaridan biri bo‘lgan Yusuf ismli arimateyalik boy kishi keldi+.
58 Bu kishi Pilatning yoniga borib, undan Isoni dafn etish uchun ruxsat so‘radi+. Pilat askarlarga jasadni unga berishni buyurdi+.
59 Shunda Yusuf Isoning jasadini olib, a’lo sifatli zig‘ir kafanga o‘radi-da+,
60 qoyada o‘yilgan o‘zining yangi qabriga qo‘ydi+. So‘ng qabr og‘ziga katta toshni yumalatib qo‘ydi-da, o‘zi ketdi.
61 Ammo magdalalik Maryam va boshqa Maryam qabr oldida o‘tiraverishdi+.
62 Tayyorgarlik kunining*+ ertasiga bosh ruhoniylar-u farziylar Pilatning yoniga yig‘ilib
63 shunday deyishdi: «Taqsir, o‘sha yolg‘onchi hali tirikligida: “Uch kundan keyin men tirilaman”+,— degani esimizga tushdi.
64 Shuning uchun qabrni qo‘riqlashni buyuring, tag‘in shogirdlari jasadni o‘g‘irlab ketib+, xalqga: “U tirildi”,— deyishmasin. Shunda oxirgi yolg‘on birinchisidan ham oshib tushadi».
65 Pilat bo‘lsa ularga: «Mana, soqchilarni olinglar-da, borib bilganlaringni qilinglar»,— dedi.
66 Keyin ular borib, qabr og‘zidagi toshga muhr bosib, soqchilarni qo‘yishdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «qonga».
^ Aslida bu matn parchasi Zakariyo 11:12, 13 ga asoslangan. Mattoning davrida Yeremiyo kitobi tartib bo‘yicha payg‘ambarlar kitoblari orasida birinchi turgan edi va ehtimol bu to‘plamning umumiy nomi «Yeremiyo» bo‘lib, Zakariyo kitobi ham uning tarkibiga kirardi. Lq 24:44 ga q.
^ So‘zma-so‘z «oltinchi soatda».
^ So‘zma-so‘z «to‘qqizinchi soatgacha».
^ So‘zma-so‘z «o‘lim uyqusida bo‘lgan».
^ Qavs ichida bayon etilgan voqealar keyin yuz bergan.
^ Boshqa variant «Yusufning».