Sahroda 12:1-16
12 Muso Kush yurtidan bo‘lgan ayolga uylangani uchun+, Maryam bilan Horun Musoga qarshi gapira boshlashdi.
2 Ular: «Nima, Yahova faqat Muso orqali gapiradimi? U biz orqali ham gapirmaydimi?»+ — deyishardi. Yahova esa ularni eshitib turardi+.
3 Muso yer yuzidagi barcha odamlar ichida eng kamtar* inson+ edi.
4 Yahova kutilmaganda Muso, Horun va Maryamga: «Uchalangiz ham uchrashuv chodiriga kelinglar»,— dedi va ular kelishdi.
5 Yahova bulut ustunida pastga tushdi-da+, chodirning kiraverishida turdi va Horun bilan Maryamni chaqirdi. Ikkovi oldinga qadam tashladi.
6 U shularni aytdi: «Mening gaplarimni eshitinglar. Agar orangizda Yahovaning payg‘ambari bor bo‘lsa, Men vahiy orqali+ unga O‘zimni tanitaman, U bilan tush orqali gaplashaman+.
7 Biroq xizmatchim Muso bilan bunday yo‘l tutmayman! Unga butun xalqimni* ishonib topshirganman+.
8 Men u bilan jumboqlarsiz, yuzma-yuz va ochiq gaplashaman+. Uning ko‘z oldida Yahova zohir bo‘ladi. Shunday ekan, xizmatchim Musoga qarshi gapirishdan qo‘rqmadilaringmi?»
9 Yahovaning ularga g‘azabi qaynab, ularning yonidan ketdi.
10 Bulut chodirning ustidan ko‘tarilishi bilanoq, Maryam moxov kasalligiga chalinib, qorday oppoq bo‘lib qoldi+. Horun Maryamga o‘girilib, u moxov kasalligiga yo‘liqqanini ko‘rdi+.
11 Horun shu zahoti Musoga dedi: «Taqsirim, o‘tinaman, bizni gunoh qilganlikda ayblamang! Nodonligimiz tufayli bu ishga qo‘l urdik.
12 Opamiz Maryam o‘lik tug‘ilib tanasi chiriy boshlagan chaqaloqga o‘xshab qolishiga yo‘l qo‘ymang, iltimos!»
13 Muso Yahovaga: «Ey Xudo, iltimos unga shifo ber! Iltimos!»+ — deya yolvordi.
14 Yahova Musoga javoban shunday dedi: «Bordi-yu, Maryamning otasi uning yuziga tupursa, u yetti kun davomida sharmanda bo‘lib yurmasmidi? Uni yetti kun mobaynida qarorgohdan tashqarida saqlanglar+. Keyin ortiga qaytsa bo‘ladi».
15 Shunday qilib, Maryam yetti kun qarorgohning tashqarisida yashadi+. U qaytib kelmaguncha, xalq yo‘lga chiqmadi.
16 So‘ng xalq Xazero‘tdan+ yo‘lga chiqib, Poron cho‘liga+ keldi va u yerda qarorgoh qurdi.