So‘zboshi
Muqaddas Kitob Xudoning biz insonlarga yozgan kalomidir. Bu kitobning Muallifini tanib-bilish uchun uni o‘qib tadqiq qilishimiz kerak. (Yuhanno 17:3; 2 Timo‘tiyga 3:16) Uning sahifalarida Tangri Yahova insonlarga hamda ularning uyi bo‘lmish yerga nisbatan O‘z niyatini oshkor etmoqda. (Ibtido 3:15; Vahiy 21:3, 4)
Boshqa hech bir kitob odamlarning hayotiga bunchalik katta ta’sir qilmagan. Muqaddas Kitob Yahovaning sevgi, rahm-shafqat va mehr-shafqat singari fazilatlarini namoyon etishga bizni chorlamoqda. Bu kitob insonlarga umid baxsh etib, hatto qiyin damlarni boshdan kechirishga ko‘maklashadi. Muqaddas Kitob Xudoning komil irodasiga zid bo‘lgan bu dunyoning ishlarini fosh etib kelmoqda. (Zabur 119:105; Ibroniylarga 4:12; 1 Yuhanno 2:15–17)
Muqaddas Kitob aslida ibroniy, oromiy va yunon tillarida yozilib, qisman yoki to‘liq taxminan 3000 tilga tarjima qilingan. Bu tarixdagi eng ko‘p tillarga o‘girilgan va keng tarqalgan kitob hisoblanadi. Buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Chunki Muqaddas Kitobda shunday bashorat bor: «Shohlik haqidagi xushxabar [Muqaddas Kitobdagi asosiy xabar] hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi». (Matto 24:14)
Muqaddas Kitobdagi xabarning muhimligini tushungan holda, biz nafaqat asl matnning ma’nosini to‘g‘ri yetkazib berishni, balki aniq va o‘qishga oson bo‘lgan tarjimani tayyorlashni o‘zimizga maqsad qilib qo‘ydik. Ushbu kitobning ilovasidagi «Muqaddas Kitob tarjimasi prinsiplari», «Bu nashrning xususiyatlari» va «Muqaddas Kitob qanday saqlanib qoldi?» nomli mavzularda tarjima paytida rioya qilingan ayrim prinsiplar va bu nashrning xususiyatlari tushuntirilgan.
Alloh Yahovani sevadigan va Unga topinadigan insonlar Xudo Kalomining aniq va tushunarli tarjimasini o‘qishni istashadi. (1 Timo‘tiyga 2:4) Bizning maqsadimiz «Yangi dunyo tarjimasi»ni imkon qadar ko‘proq tillarga o‘girishdan iborat. Mana shuning uchun bu nashr o‘zbek tilida ham dunyo yuzini ko‘rdi. Aziz kitobxon, Muqaddas Yozuvlarning ushbu nashri Xudoni «astoydil izlab topish»da sizga foydali bo‘lishiga umidvormiz va bu uchun ibodat qilamiz. (Havoriylar 17:27)
«Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi
Avgust 2013