OILA UCHUN YORDAM
Qay yo‘sin g‘azabni tiya olasiz?
Turmush o‘rtog‘ingiz jahlingizni chiqaradigan gap aytadi yoki biron ish qilib qo‘yadi. Shunda o‘zingizni bosishga harakat qilasiz. U hammasi joyida emasligini sezib, savollar bera boshlaydi. Bu esa, undan battar jahlingizni chiqaradi. Xo‘sh, tarang vaziyatlarda qay yo‘sin g‘azabingizni tiya olasiz?
Nimani bilishingiz kerak?
G‘azabni tiya olmaslik sog‘ligingizga putur yetkazadi. Tadqiqotchilarning aytishicha, g‘azabni tiya olmaslik qon bosimi, yurak, depressiya va ovqat hazm qilish bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfini oshiradi. Ustiga-ustak, bu uyqusizlik, haddan ortiq tashvishlanish, teri kasalliklari va insultga sabab bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobda: «Qahru g‘azabni o‘zingdan soqit qil... bu faqatgina ziyon keltiradi»,— deb bejizga aytilmagan. (Zabur 37:8, izoh)
Shunchaki g‘azabni tiyish ham zarar keltirishi mumkin. Muntazam ravishda achchiqlanib yurishni odamning ichida ziyon keltiradigan kasallikka o‘xshatsa bo‘ladi. Masalan, siz hamma narsaga shubha bilan qaraydigan bo‘lib, tanqidiy nuqtai nazarni rivojlantirishingiz mumkin. Bunday his-tuyg‘ular bilan yashash og‘ir va turmushingizga jiddiy zarar keltiradi.
Nima qila olasiz?
Turmush o‘rtog‘ingizning yaxshi taraflariga e’tibor qarating. Umr yo‘ldoshingizning qaysi uchta fazilatini qadrlashingizni yozib qo‘ying. Keyingi safar uning biron ishi dastidan jahlingiz chiqqanida, o‘sha fazilatlarini eslang. Bu tufayli g‘azabingizni tiyish osonroq bo‘lishi mumkin.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar». (Kolosaliklarga 3:15)
Kechirimli bo‘ling. Avvalo, vaziyatga turmush o‘rtog‘ingizning nuqtai nazari bilan qarang. Bu rahmdil yoki Muqaddas Kitobda aytilganiday «hamdard» bo‘lishingizga yordam beradi. (1 Butrus 3:8) Keyin o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Nahotki bu g‘azablanishimga arzisa va uni kechira olmasam?»
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Xatolarni kechirish insonni bezaydi». (Hikmatlar 19:11)
Mehribonlik va muloyimlik ila his-tuyg‘ularingizni tushuntiring. «Men» olmoshini ishlating. Misol uchun: «Qo‘ng‘iroq qilib, qayerda ekaningizni aytib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?» — deyishning o‘rniga, «Kech tushdi va men qayerda ekaningizni bilmay xavotirlandim»,— deb ayting. His-tuyg‘ularingizni muloyimlik ila tushuntirish g‘azabni tiyishga yordam beradi.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «So‘zlaringiz doimo yoqimli va mazali bo‘lsin». (Kolosaliklarga 4:6)
Hurmat bilan tinglang. Ichingizdagini aytib bo‘lgach, turmush o‘rtog‘ingizning gapini bo‘lmay tinglang. U gapini tugatgach, uni to‘g‘ri tushunganingizga ishonch hosil qilish uchun aytganlarini boshqacha so‘zlar bilan ifodalang. Yaxshilab tinglash g‘azabni tiyishda muhim ahamiyatga ega.
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har bir kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga... shoshilmasin». (Yoqub 1:19)