Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qanday qilib masofadan turib ham yaxshi o‘qish mumkin?

Qanday qilib masofadan turib ham yaxshi o‘qish mumkin?

 Ko‘p o‘quvchilar hozir maktab binolarida emas, balki uylaridan turib ta’lim olishadi. Agar siz ham masofadan turib o‘qiyotgan bo‘lsangiz, qanday qilib tartibli bo‘la olasiz? Quyida bir nechta maslahat bor a:

 Qo‘l keladigan beshta maslahat

  •   Ishlaringizni rejalashtiring. Xuddi maktabda bo‘lganiday, aniq bir jadvalingiz bo‘lsin. Darslar, uy yumushlari va boshqa muhim ishlar uchun vaqt ajratib qo‘ying. Kerak bo‘lgandagina jadvalga o‘zgartirish kiriting.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Faqat hamma narsa odob va tartib bilan bo‘lsin». (1 Korinfliklarga 14:40)

     «O‘z kuningizni xuddi maktabdagiday rejalashtiring. Har bir ishning o‘z vaqti va o‘rni bor». (Keti)

     O‘ylab ko‘ring. Nega jadvalga ega bo‘lish va uni ko‘rinadigan joyga o‘rnatish foydali?

  •   O‘zingizni nazorat qilishga o‘rganing. Ba’zan hatto xohlamaganingizda ham biron ishni qilish zarur. Busiz ulg‘aymaysiz. Ishlarni keyinga qoldirmang.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yalqov emas, mehnatsevar bo‘linglar». (Rimliklarga 12:11)

     «Eng qiyini — o‘zingizni qo‘lga olish. “Darslarni keyin ham qilaman”,— deb aytib, o‘zingizni oqlash oson. Keyin hech qachon kelmaydi, ishlar esa ko‘payib boraveradi». (Aleksandra)

     O‘ylab ko‘ring. O‘qish uchun muayyan joy hamda vaqtning bo‘lishi tartibliroq bo‘lishga qanday yordam beradi?

  •   Ta’lim olish uchun sharoit yarating. Qo‘l ostingizda hamma kerakli narsa bo‘lsin. Ta’lim olish uchun qulay sharoitlar yarating, lekin ortiq darajada emas. Axir, u yerda uxlashni emas, o‘qishni rejalashtiryapsiz! Agar o‘qish uchun alohida bir joyingiz bo‘lmasa, oshxonada yoki qulay bo‘lgan joyda o‘qishga harakat qilib ko‘ring.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi». (Hikmatlar 21:5)

     «Basketbol koptogini va videoo‘yinlarni chetga olib qo‘ying, gitarani qolipiga soling va telefonni tovushsiz holatga o‘tkazing. Barcha chalg‘itadigan narsalarni kamaytiring». (Elizabet)

     O‘ylab ko‘ring. O‘qishga bo‘lgan xohishingizni kuchaytirish uchun qanday sharoitlar yarata olasiz?

  •   Chalg‘imaslikka o‘rganing. Bitta narsaga diqqat qarating, yuzta ishni bir vaqtning o‘zida qilmang. Aks holda, ko‘p xatolar qilasiz va natijada ko‘proq vaqt sarflaysiz.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har fursatdan unumli foydalaninglar». (Efesliklarga 5:16)

     «Telefonim yonimda tursa, umuman fikrimni bir joyga yig‘a olmayman. U bilan bo‘lar-bo‘lmas narsalarga rosa ko‘p vaqtimni sarflayman». (Oliviya)

     O‘ylab ko‘ring. Bitta masalani yechishga ketadigan vaqtni sekin-asta ko‘paytira olasizmi?

  •   Tanaffuslar qilib turing. Aylanib keling, velosiped haydang yoki badan tarbiya qilib turing. Kayfiyatingizni ko‘tarish uchun nimadir qiling, bu sizni tetiklantiradi. Bir kitobda aytilishicha, «Avvalo muhim bo‘lgan narsalarni qiling. Bajarilmagan ishlar yukidan xalos bo‘ling. Shunda, bo‘sh vaqtingiz ko‘proq zavq keltiradi». («School Power»)

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bir hovuch orom, ikki hovuch zahmat va shamol ortidan quvishdan yaxshiroqdir». (Voiz 4:6)

     «Maktabda odatda musiqa va rasm darslariga qatnash mumkin. Hozir, bularning imkoni yo‘q. Bu menga juda ham yetishmayotganini his etyapman. O‘qishdan tashqari hayotingizda ijod qilish uchun o‘rin bo‘lishi juda yaxshi». (Teylor)

     O‘ylab ko‘ring. Chalg‘ishga va yangi kuch bilan o‘qishga kirishishga qanday tanaffuslar sizga yordam beradi?

a Masofadan turib o‘qishning turli usullari bor. Sizning vaziyatingizga to‘g‘ri keladigan ushbu maqoladagi maslahatlarni qo‘llang.