Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Mustaqil yashashga tayyormanmi?

Mustaqil yashashga tayyormanmi?

 Mustaqil yashash haqidagi o‘ylar ham hayratga, ham qo‘rquvga solishi mumkin. Mustaqil yashashga tayyor ekaningizni qanday aniqlasangiz bo‘ladi?

 Sabablari haqida o‘ylab ko‘ring

 Mustaqil yashashga qaror qilganingizning talaygina sabablari bo‘lishi mumkin, lekin ularning hammasini ham asosli deb bo‘lmaydi. Masalan, Mario ismli bir yigit: «Uydagi majburiyatlarimdan qutulish uchungina ko‘chib ketmoqchi edim»,— deb bo‘lishdi.

 Aslida esa, mustaqil yashashni boshlasangiz, kamroq erkinlikka ega bo‘lasiz. 18 yoshli Oniya ismli bir qiz shunday dedi: «Bir o‘zingiz yashaganingizda uy-joyingizga o‘zingiz qaraysiz, o‘zingiz ovqat pishirasiz va o‘zingiz xarajatlarni to‘laysiz. Yordam va maslahat zaril bo‘lib qolganida esa, oldingizda ota-onangiz bo‘lmaydi!»

 Xulosa. Mustaqil yashashga tayyor yoki tayyor emasligingizni tushunish uchun nima sababdan buni istayotganingizni aniqlab olish kerak.

 Barchasini taroziga soling

 Iso shunday degan: «Orangizdan kimdir imorat qurmoqchi bo‘lsa, uni bitirishga mablag‘i yetishini bilish uchun, avvaliga o‘tirib qancha xarajat ketishini hisoblab olmaydimi?» (Luqo 14:28) Uydan ketishdan avval «qancha xarajat ketishini» qanday hisoblashingiz mumkin? Quyidagi savollarga javob berib, o‘zingizni tekshirib ko‘ring.

  PULNI TO‘G‘RI ISHLATISHNI BILASIZMI?

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Pul odamga himoya beradi». (Voiz 7:12)

  •  Pulni tejab ishlatishga qiynalasizmi?

  •  Hissiyotga berilib xarajat qilasizmi?

  •  Boshqalardan tez-tez qarz olib turasizmi?

 Mazkur savollarning hatto bittasiga «ha» deb javob bergan bo‘lsangiz, mustaqil yashash haqidagi orzularingiz sizga xavf tug‘dirishi mumkin!

 «Akam 19 yoshda bo‘lganida uydan ketgandi. Bir yil ichida u barcha yiqqan pullarini ishlatib yubordi, bank esa kreditga sotib olgan mashinasini tortib oldi. Oxir-oqibat, akam kredit tarixini buzdi va ota-onamizdan uyga qaytishiga ruxsat berishlarini yolvorib so‘radi». (Danella)

 Hozirning o‘zida nima qila olasiz? Ota-onangizdan har oy qancha xarajat qilishlarini so‘rang. Ular qanday xarajatlarni to‘lashadi va daromadlarini qay yo‘sin rejalashtirishadi? Ular pulni qanday qilib tejashadi?

 Xulosa. Ota-onangiz bilan birga yashayotgan paytdayoq pulni to‘g‘ri sarflashni o‘rgansangiz, mustaqil hayotning iqtisodiy qiyinchiliklariga tayyorlana olasiz.

  TARTIB-INTIZOMLIMISIZ?

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har kim o‘z aravasini o‘zi tortadi». (Galatiyaliklarga 6:5)

  •  Ishlarni keyinga qoldirish odatingiz bormi?

  •  Ota-onangiz uydagi majburiyatlaringizni nuqul eslatib turadimi?

  •  Uyga ko‘pincha ota-onangiz o‘rnatgan vaqtdan kech qolib kelasizmi?

 Mazkur savollarning hatto bittasiga «ha» deb javob bergan bo‘lsangiz, ota-onangizdan mustaqil ravishda yashab tartib-intizomli bo‘lish undan-da qiyinroq bo‘lishi mumkin.

 «Mustaqil yashaganingizda siz uncha xush ko‘rmagan, ammo zarur bo‘lgan ishlarni qilishingizga to‘g‘ri keladi. Hech kim sizga qanday yo‘l tutish kerakligini eslatib turmaydi, shunga tartib-intizomli bo‘lmaslikning iloji yo‘q». (Jessika)

 Hozirning o‘zida nima qila olasiz? Oy davomida imkon boricha ko‘proq uy ishlarini bajarishga harakat qiling. Masalan, o‘zingiz uy yig‘ishtiring, kirlaringizni yuving, do‘konga boring, har oqshom ovqat pishiring va keyin idishlarni yuving. Shu tariqa, mustaqil hayot nima ekani borasida tasavvurga ega bo‘lasiz.

 Xulosa. Ota-onangizdan mustaqil ravishda yashashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, tartib-intizomli bo‘lishning o‘rni beqiyos.

Mustaqil hayotga tayyorgarlik ko‘rmay turib, uydan ketish parashyutdan foydalanishni o‘rganmay turib, samolyotdan sakrash bilan barobardir

  EMOSIONAL JIHATDAN KUCHLIMISIZ?

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «G‘azab, jahl, yaramaslik, haqoratli so‘zlarni o‘zingizdan soqit qilinglar». (Kolosaliklarga 3:8)

  •  Boshqalar bilan til topishishga qiynalasizmi?

  •  Jahlingizni tiya olasizmi?

  •  Har doim siz istagandek bo‘lishini xohlaysizmi?

 Mazkur savollarning hatto bittasiga «ha» deb javob bergan bo‘lsangiz, hamxonangiz va, ehtimol, kelajakda turmush o‘rtog‘ingiz bilan chiqishib ketishga qiynalishingiz mumkin.

 «Dugonalarim bilan bir uyda yashashni boshlaganimizda, kamchiliklarimni ko‘ra boshladim. Ba’zida tarang vaziyatlar tufayli kayfiyatim tushib ketadi, lekin endi tushunyapmanki, boshqalar buni chidashga majbur emas. Shuning uchun his-tuyg‘ularimni boshqarishga o‘rganishimga to‘g‘ri keldi». (Xelena)

 Hozirning o‘zida nima qila olasiz? Ota-onangiz, aka-uka va opa-singillaringiz bilan til topishishga o‘rganing. Shuni unutmang: hozir bir boshpana ostida yashayotgan insonlarning kamchiliklariga bildirgan munosabatingiz, kelajakda siz bilan yashaydigan insonlarga qanday muomala qilishingizni ko‘rsatib turadi.

 Xulosa. Mustaqil yashash majburiyatlaringizdan xalos etmaydi. Bu tayyorgarlikni talab qiluvchi ko‘nikmadir. Masalan, mustaqil yashayotganlar bilan maslahatlashib ko‘rsangiz bo‘ladi. Ulardan shunday so‘rab ko‘ring: «O‘tmishga nazar tashlab, nimalarni boshqacha qilgan bo‘lardingiz? Hozir ega bo‘lgan bilimlaringizning qay biri o‘sha davrda sizga asqatgan bo‘lardi?» Bunday yo‘l tutish sizga hayotdagi har qanday muhim qarorni chiqarishga ko‘maklashadi!