Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Tatuirovka qilsam qanday bo‘larkin?

Tatuirovka qilsam qanday bo‘larkin?

 Nega bunday istak paydo bo‘ladi?

 Yoshi 17da bo‘lgan Rayn shunday dedi: «Menimcha, ba’zi tatuirovkalar ajoyib san’at mahsuli».

 Tatuirovkaga bo‘lgan munosabatingiz uni qilish-qilmasligingizga ta’sir etishi mumkin. Masalan, Jilian ismli o‘smir qiz quyidagicha fikr bildirdi: «Maktabga bir qiz bilan birga borardim. U hali kichikligida onasi vafot etdi. Keyin u o‘smirligida bo‘ynining orqasiga tatuirovka qildirib, onasining ismini yozdirdi. O‘ylashimcha, bu juda chiroyli».

 Sizni nima undayotganidan qat’i nazar, tanangizda bir umrga qolib ketadigan suratni chizishga qaror qilishdan avval uzoq va yaxshilab o‘ylab ko‘ring! Tatuirovka qilish borasida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizga qanday savollar berishingiz kerak? Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplar eng to‘g‘ri qarorni chiqarishingizga yordam beradi?

 O‘zingizga qanday savollar berishingiz kerak?

 Bu sog‘liqqa qanday xavf tug‘diradi? Bir tashkilotning veb-saytida shunday deyilgan: «Tatuirovka teriga zarar yetkazadi va bu turli infeksiyalar yuqishiga va boshqa asoratlarga olib kelishi mumkin. Ba’zi hollarda tatuirovka siyohi atrofida granulema (yallig‘lanish o‘chog‘i) deb nomlanadigan shishlar paydo bo‘ladi. Buning ustiga, tatuirovkalar kleoidga (biriktiruvchi to‘qima o‘rnida hosil bo‘ladigan o‘smasimon tuzilma) — terida chandiqlar tufayli shishlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin». («Mayo Slinis») Shuningdek, o‘sha veb-saytda: «Bordi-yu, siz tatuirovka qilish uchun foydalaniladigan asbob infeksiyali qon bilan zararlangan bo‘lsa, qon orqali turli kasalliklarni yuqtirib olishingiz mumkin».

 Bu obro‘yingizga qanday ta’sir qiladi? Sizga yoqadimi yoki yo‘qmi, tashqi ko‘rinishingiz siz haqingizda ko‘p narsani ochib beradi. Bu yetuk yoki yetuk emasligingizni, ishonchli yoki mas’uliyatsiz ekaningizni ko‘rsatadi. «Tatuirovkali odamni ko‘rsam, shu zahoti uni kayfu safo qiladiganlar qatorida sanayman»,— deb bo‘lishdi Samanta ismli o‘smir qiz.

 18 yoshli Malani esa buning boshqa tarafiga e’tibor berdi. «Menimcha, tatuirovkalar tabiiy go‘zalligingizni yashirib qo‘yadi. Bu go‘yoki tatuirovka qiladigan odamlar aslida kim ekanini ko‘rsatishni istamagani uchun tanasiga rasm chizdirganga o‘xshaydi».

 Bu doim sizga yoqadimi? Vaqt o‘tib, to‘lishish yoki oddiygina qarish ham tatuirovka yoyilishiga va surat xunuklashishiga sabab bo‘ladi. «O‘nlab yillar o‘tgach, tatuirovkalar qanday bo‘lishini ko‘rganman va bu chiroyli emas»,— deb bo‘lishdi 22 yoshli Jozef.

 «Ko‘pincha tatuirovkalar zamondan ortda qoladi. 21 yoshli Allen: «Qachonlardir muhim hisoblangan narsa, atigi bir necha yil o‘tib qadrini yo‘qotadi»,— dedi.

 Allenning gapida jon bor. Shunisi aniqki, vaqt o‘tgani sayin odamning nuqtai nazari, didi va his-tuyg‘ulari o‘zgaradi, lekin tatuirovka emas. «Yillar o‘tgach, afsuslanishimga va ahmoqlik qilganimni eslatib turadigan ishlar ro‘yxatida tatuirovka bo‘lishini xohlamasdim»,— dedi 29 yoshli Tereza.

 Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplar qo‘l keladi?

 Yetuk inson qaror chiqarishdan avval barchasini taroziga solib ko‘radi. (Hikmatlar 21:5; Ibroniylarga 5:14) Shunday ekan, tatuirovka borasida Muqaddas Kitobdagi quyidagi prinsiplar to‘g‘risida mulohaza qilib ko‘ring.

  •  Kolosaliklarga 3:20: «Siz farzandlar, har narsada ota-onangizga quloq solinglar, chunki bu Hazratimizga ma’qul keladi».

      Ota-onangiz bilan yashab turib, ularning aytganlariga amal qilmasangiz, qanday natijaga erishasiz?

  •  1 Butrus 3:3, 4: «Sizning chiroyingiz tashqi ko‘rinishdan, ya’ni o‘rilgan sochlar, tilla taqinchoqlar yoki chiroyli kiyimdan iborat bo‘lmasin. Aksincha, chiroyingiz qalbingiz tubida yashirilgan umuman eskirmaydigan kiyimdan — Allohning nazarida qimmatbaho hisoblangan sokin va muloyim ruhdan iborat bo‘lsin».

      Nima uchun Muqaddas Kitobda «qalbingiz tubida yashirilgan... ruhga» urg‘u berilgan?

  •  1 Timo‘tiyga 2:9, 10: «Ayollar ham o‘zlarini... or-nomus va fahm-farosat bilan... bezasin».

      «Or-nomus» nima degani? Boshqacha qilib aytganda, nima uchun or-nomus tanaga chizilgan suratdan afzalroq?

  •  Rimliklarga 12:1: «Tanalaringizni tirik, muqaddas, Xudoga ma’qul keladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlanglar. Shu yo‘sin, aqlingizni ishga solib, muqaddas xizmatni ado eta olasizlar».

      Nima sababdan tanangizga qanday munosabatda bo‘lishingiz Xudo uchun ahamiyatli?

 Mazkur fikrlarni ko‘rib chiqqach, ko‘plar tatuirovka chizmaslikka qaror qilgan. Darvoqe, ular tatuirovkadan ham yaxshiroq bir narsani topishdi. Yuqorida tilga olingan Tereza shunday dedi: «Qandaydir so‘z yoki shiorni chindan ham yoqtirsangiz, kimnidir juda qadrlasangiz, o‘sha shiorga muvofiq hayot kechiring yoki o‘sha inson siz uchun qanchalik ahamiyatli ekanini ayting. Tatuirovka qilishning o‘rniga, aytganlaringizga muvofiq yashang».