YOSHLARNING SAVOLLARI
Tortinchoqlikni qanday yengsam bo‘ladi?
Yomon xabar: tortinchoqlik ajoyib do‘stlik va qiziqarli hodisalarga ega bo‘lishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Yaxshi xabar: tortinchoqlik doim ham yomon emas. Bu tufayli gapirishdan avval fikr yuritasiz, kuzatuvchan va yaxshiroq tinglovchi bo‘la olasiz.
Undan ham yaxshi xabar: hozir tortinchoq bo‘lganingiz, hamisha shunday bo‘lib qolasiz degani emas. Tortinchoq bo‘lish hayotingizga qanday ta’sir qilishiga qarab uni nazorat qila olasiz. Bu maqola buni qay yo‘sin qilish mumkinligini ko‘rsatadi.
Qo‘rquvlaringizni aniqlang
Tortinchoqlik sababli hatto odamlar bilan yuzma-yuz gapirish haqida o‘ylashdan qo‘rqishingiz mumkin. Oqibatda, o‘zingizni yakkalanib qolganday, xuddi qorong‘i xonada yolg‘iz bo‘lganday his qilarsiz. Bu qo‘rqinchli bo‘lishi hech gap emas. Lekin qo‘rquvlaringizni aniqlasangiz, qo‘rqmaslikka hojat yo‘qligini tushunarsiz. Uchta misolga diqqat qarataylik:
1-qo‘rquv: «Nima haqida gapirishni bilmayman».
Fakt. Odamlar aytgan so‘zlaringizga qaraganda, siz bilan suhbatda nimalarni his qilishganini ko‘proq eslab qolishadi. O‘zgalar aytayotgan gaplarini chindan ham qiziqib tinglash qobiliyatingizni rivojlantirish orqali qo‘rquvni nazorat qilishingiz mumkin.
O‘ylab ko‘ring: qanday do‘stingiz bo‘lishini istardingiz — tinmay gapiradiganmi yoki yaxshi tinglovchimi?
2-qo‘rquv: «Boshqalar meni zerikarli inson, deb o‘ylashadi».
Fakt. Odamlar tortinchoq yoki tortinchoq emasligingizni tushunishadi. Qo‘rquvingizni nazorat qilishingiz mumkin va boshqalarga siz haqingizda yaxshiroq fikrga borishga yordam berasiz. O‘z fikringizni bildirsangiz, ular chindan ham qanday inson ekaningizni ko‘ra olishadi.
O‘ylab ko‘ring: Agar hamma sizni salbiy tarzda hukm qiladi degan fikrga borsangiz, ehtimol, o‘zingiz boshqalarni nohaq hukm qilayotgandirsiz?
3-qo‘rquv: «Noto‘g‘ri biron narsa aytib qo‘ysam-chi...».
Fakt. Gohida bu har bir inson bilan bo‘lib turadi. Bunday xatolarga o‘zingizni mukammal deb hisoblamayotganingizni ko‘rsatish imkoniday qarash orqali qo‘rquvingizni nazorat qilishingiz mumkin.
O‘ylab ko‘ring: nomukammal ekanini tan oladigan odamlar bilan vaqt o‘tkazish sizga yoqadimi?
Bilasizmi? Ba’zilar elektron qurilmalar yordamida ko‘p yozishgani uchun o‘zini tortinchoq deb bilmaydi. Lekin haqiqiy do‘stlik odam bilan shaxsan gaplashib rivojlantiradigan narsadir. Sherri Turkl ismli psixolog shunday deb bo‘lishdi: «Har bir insonning yuzini ko‘rib, ovozini eshitganingizda u haqida umumiy bir fikrga ega bo‘la olasiz» a.
Harakat rejasi
Solishtirmang. Kirishimli bo‘lib ketishingiz kutilmaydi. Aksincha, maqsadingiz tortinchoqlikni nazorat qilish bo‘lishi mumkin, shunda do‘stlik va qiziqarli hodisalarga ega bo‘lasiz.
«Suhbatlar uzoq davomli bo‘lmasligi mumkin, o‘tirishda davrani qizitishingizning keragi yo‘q. Yangi insonga o‘zingizni tanishtiring yoki bir nechta oddiy savol bering». (Alisiya)
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi». (Galatiyaliklarga 6:4)
Kuzatuvchan bo‘ling. Kirishimli odamlarni kuzating va ular boshqalar bilan qay yo‘sin muloqot qilayotganiga e’tibor bering. Ular buni qay yo‘sin uddalayapti? Nima qilmagan bo‘lardingiz? O‘zingizda rivojlantirishingiz mumkin bo‘lgan qanday qobiliyatlar bor?
«Osonlikcha do‘st orttira oladigan insonlar bilan do‘stlashing. Ular ilk bor tanishganda, o‘zini qanday tutishini va nima deb aytishini kuzating». (Aaron)
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Temir temirni charxlaganiday, odam odamni o‘tkirlaydi». (Hikmatlar 27:17)
Savollar bering. Odatda odamlar har xil narsalar borasida o‘z nuqtai nazarini bildirishni xush ko‘rishadi. Shuning uchun, ular bilan suhbat boshlashning yaxshi yo‘li savollar berishdir. Bu tufayli boshqalar sizga kamroq e’tibor qaratadi.
«Oldindan tayyorgarlik ko‘rish kamroq xavotirlanishingizga yordam beradi. Biron joyga borishdan avval hatto bir nechta mavzu yoki savolni oldindan o‘ylab qo‘yarsiz. Shunda ilk bor ko‘rishgan insonlar bilan gaplashish siz uchun unchalik qiyin bo‘lmaydi». (Alana)
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:4)
a «Reslaiming Sonversation».