MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI
«Men ko‘chalarda yashab yurdim»
Tug‘ilgan yili: 1955
Mamlakati: Ispaniya
O‘tmishda: giyohvandlik va ichkilikka berilgan, shafqatsiz bo‘lgan
OLDINLARI
Ayrim odamlarga o‘zining achchiq tajribasidan saboq olish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Menda ham shunday bo‘lgan. Men Ispaniyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Barselona shahrida tug‘ilib o‘sganman. Oilamiz bilan Somorrostro deb ataladigan hududda yashardik. Bu hudud sohilning katta qismini egallardi. Somorrostro jinoyatchilik va giyohvand moddalar savdosi keng tarqalgani bilan tanilgan edi.
Oilada to‘qqizta farzandmiz va men ularning eng kattasiman. Juda kambag‘al bo‘lganimiz uchun otam meni mahalliy tennis klubiga ishlashga yubordi. Men to‘plarni yig‘ib, o‘yinchilarga uzatardim. O‘shanda o‘n yoshda edim va kuniga o‘n soatlab ishlardim. Bu tufayli boshqa tengdoshlarim singari maktabga bora olmasdim. 14 yoshda bo‘lganimda metall sexida slesar bo‘lib ishlay boshladim.
1975-yili meni harbiy xizmatga chaqirishdi, Ispaniyada bu majburiy edi. Hayotimda arzigulik nimadir qilishni istardim, shuning uchun Melilyadagi Ispaniyaning xorijiy legioniga o‘z ixtiyorim bilan qo‘shildim. Melilya Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi hududi. O‘sha paytda men giyohvand moddalar va ichkilikka ruju qo‘ydim.
Legionni tark etganimda Barselonaga qaytdim va jinoiy to‘da tashkil qildim. Biz qo‘lga ilingan hamma narsani o‘g‘irlardik. Keyin o‘g‘irlangan narsalarni sotib, puliga giyohvand moddalarni sotib olardik. Men LSD va amfetaminlarni qabul qila boshladim hamda jinsiy axloqsizlik, ichkilik va qimorbozlikka mukkamdan ketdim. Bunday yomon hayot tarzi tufayli yanada shafqatsiz bo‘lib borardim. O‘zim bilan doim pichoq, bolta yoki machete qilichini olib yurardim va kerak bo‘lsa ularni ishga solishdan tab tortmasdim.
Bir safar to‘damiz bilan mashina o‘g‘irladik va polisiya ketimizga tushdi. Bu xuddi kinodagiday edi. O‘g‘irlangan mashinada 30 kilometr yurganimizda polisiya bizga qarata o‘q uza boshladi. Oxiri mashina nimagadir urilib to‘xtab qoldi va hammamiz voqea joyidan qochib ketdik. Otam bundan xabar topganida meni uydan haydab yubordi.
Keyingi besh yil davomida men ko‘chalarda yashab yurdim. Men pod’ezd, yuk mashinasi, parkdagi skameykalar va qabristonda uxlardim. Bir qancha vaqt g‘orda ham yashadim. Hayotim butunlay mazmunsiz edi va tirik yoki o‘lik ekanim bilan hech kimning ishi yo‘q edi. Giyohvand moddalar ta’siri ostida bo‘lganimda bilaklarim va qo‘llarimni kesardim. O‘shandan qolgan chandiqlar haligacha bor.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI
28 yoshda bo‘lganimda oyim meni qidirib keldi va uyga qaytishimni so‘radi. Men rozi bo‘ldim va hayotimni tartibga solishni va’da qildim. Ammo bu va’dani bajarish uchun menga vaqt kerak bo‘ldi.
Bir kuni tushdan so‘ng ikkita Yahovaning Shohidi eshigimizni taqillatib kelishdi. Ularni tinglayotganimda otam uy ichkarisidan eshikni yopishimni aytib baqirdi. Menga buyruq berishlarini yoqtirmasdim, shuning uchun unga e’tibor bermadim. Shohidlar menga uchta kitobchani taklif qilishdi va men ularni bajonidil oldim. Ular qayerda yig‘ilishi haqida so‘radim va bir necha kundan so‘ng Yig‘ilish zaliga bordim.
U yerda diqqatimni tortgan ilk narsa hammaning toza va chiroyli kiyingani edi. Ulardan farqli o‘laroq mening soch-soqolim o‘sib ketgandi va juldur kiyimda edim. Ko‘rinishim u yerga kirishga mos kelmasdi, shunga zal tashqarisida turdim. Ammo u yerda eski tanishim va to‘damizning sobiq a’zosi Xuanni ko‘rib hayron qoldim. U kostyum-shim kiyib olgandi. Keyin bilsam u bir yil avval Yahovaning Shohidi bo‘libdi. Uni o‘sha yerda ko‘rganim meni ichkariga kirishga va uchrashuvda o‘tirishga undadi. Shundan so‘ng hayotim o‘zgara boshladi.
Men Muqaddas Kitobni tadqiq qilish taklifini qabul qildim va tez orada shuni tushundim-ki, Xudoga ma’qul kelishni istasam qiziqqon xulq-atvorim va axloqsiz hayot tarzimni o‘zgartirishim kerak. Bunday o‘zgarishlarni qilish oson bo‘lmadi. Xudovand Yahovani mamnun qilish uchun ongimni yangilab, o‘zimni o‘zgartirishim kerakligini bilib oldim. (Rimliklarga 12:2) Xudo rahm-shafqatli ekani menga qattiq ta’sir qildi. Ko‘plab xatolar qilganimga qaramay, U menga hayotimni qaytadan boshlash imkonini berdi. Tangri Yahova haqida bilib olganlarim qalbimni zabt etdi. Menga g‘amxo‘rlik qiladigan Yaratuvchi borligini angladim. (1 Butrus 5:6, 7)
Bu narsalar meni hayotimga o‘zgarish kiritishga undadi. Masalan, Muqaddas Kitob tadqiqida tamaki mavzusini muhokama qilganimizda, o‘zimga shunday dedim: «Agar Alloh Yahova meni toza va har tomonlama pok bo‘lishimni istasa, demak, sigaretga o‘rin yo‘q!» (2 Korinfliklarga 7:1) Shu bilan ularni axlatga tashlab yubordim.
Men giyohvand moddalarni qabul qilish va sotishni ham tashlashim kerak edi. Bunga biroz ko‘proq vaqt va harakat talab etildi. Ushbu maqsadga erishish uchun eski og‘aynilarim bilan aloqani uzishim kerakligini bilardim. Ularning ta’siri ma’nan o‘sishimga to‘sqinlik qilayotgandi. Vaqt o‘tib Xudoga hamda jamoatdagi yangi do‘stlarimning yordamiga ko‘proq tayanishni o‘rgandim. Avvallari hech kim menga bunchalik sevgi va samimiy qiziqish ko‘rsatmagandi. Oradan oylar o‘tib, oxiri giyohvand moddalar changalidan qutuldim va «yangi o‘zlikni kiyib oldim», bu esa Xudoning marhamatiga erishishimga ko‘maklashdi. (Efesliklarga 4:24) 1985-yili avgustda Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim.
HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI?
Muqaddas Kitob hayotimni yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Bu kitob sog‘lig‘im va o‘zimga bo‘lgan hurmatimni yemirib borayotgan hayot tarzidan meni qutqardi. 30dan oshiq eski tanishlarim OITS yoki giyohvand moddalar bilan bog‘liq boshqa kasalliklar dastidan hayotdan erta ko‘z yumishdi. Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga amal qilish meni bunday fojiali oqibatlardan asrab qolgani uchun nihoyatda minnatdorman.
O‘zim bilan pichoqlaru boltalar ko‘tarib yurgan va shafqatsiz bo‘lgan paytlarim o‘tmishda qoldi. Bir kun kelib o‘zim bilan Muqaddas Kitob olib yurishim va undan boshqalarga yordam berish uchun foydalanishim hayolimga ham kelmagandi. Hozir rafiqam ikkimiz Yahova Shohidlarining to‘la vaqtli xizmatchilarimiz.
Ota-onam Yahovaning Shohidi bo‘lishmadi, biroq Muqaddas Kitobni tadqiq qilish menga foyda keltirganini qadrlashardi. Otam hatto hamkasblari oldida Yahovaning Shohidlarini himoya qilib gapirardi. Yangi e’tiqodim hayotimni qanchalik o‘zgartirib yuborganini otam yaxshi bilardi. Onam esa Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni avvalroq boshlashim kerakligini tez-tez aytardi. Uning gapiga butunlay qo‘shilaman!
O‘z tajribamdan shuni tushundimki, giyohvand moddalar va boshqa illatlardan qoniqish izlash — ahmoqlik. Hozir Allohning Kalomidagi ta’limotlarni boshqalarga o‘rgatib haqiqiy qoniqish his qilyapman. Bu ta’limotlar hayotimni asrab qoldi.