Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidlari uchrashish masalasida qoidalarga egami?

Yahovaning Shohidlari uchrashish masalasida qoidalarga egami?

 Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi prinsip va amrlar Xudoga ma’qul hamda foydali qarorlar chiqarishga yordam berishiga ishonishadi. (Ishayo 48:17, 18) Bu prinsip va amrlarni o‘zimiz o‘ylab topmaganmiz, lekin ular bo‘yicha yashaymiz. Keling, bu prinsiplarning ayrimlari uchrashish mavzusi bilan qanday bog‘liq ekaniga diqqat qarataylik a.

  •   Nikoh abadiy ittifoqdir. (Matto 19:6) Yahovaning Shohidlari uchrashishni nikohga yetaklaydigan qadam deb bilishgani uchun, bunga jiddiy qarashadi.

  •   Nikoh qurishga yoshi yetganlargina uchrasha olishadi. Ular «ilk yoshlik» yoki jinsiy istaklari jo‘sh urgan davrdan o‘tgan bo‘lishi kerak. (1 Korinfliklarga 7:36)

  •   Uchrashmoqchi bo‘lgan insonlarning boshi ochiq bo‘lishi kerak. Qonunan ajrashgan ba’zi insonlar Xudoning nazarida nikoh qura olmaydi, chunki Uning nazarida faqatgina jinsiy axloqsizlik ajralish uchun asos bo‘la oladi. (Matto 19:9)

  •   Nikoh qurmoqchi bo‘lgan masihiylar faqatgina imondoshlari orasidan turmush o‘rtoq tanlashi kerak. (1 Korinfliklarga 7:39) Yahovaning Shohidlari bu amrga binoan, turmush qurmoqchi bo‘lgan inson nafaqat ularning e’tiqodini hurmat qilishi, balki suvga cho‘mgan Yahovaning Shohidi bo‘lib, ushbu e’tiqodga yarasha hayot kechirishi kerak deb hisoblashadi. (2 Korinfliklarga 6:14) Alloh O‘z xizmatchilarini imondoshlari bilangina oila qurishga doim undab kelgan. (Ibtido 24:3; Malaki 2:11) Zamonaviy tadqiqotlarga ko‘ra, bu amr hozir ham amaliy b.

  •   Farzandlar ota-onasiga quloq solishi kerak. (Hikmatlar 1:8; Kolosaliklarga 3:20) Bu amrga binoan, ota-onasi bilan yashayotgan bolalar uchrashish masalasida ota-onasi chiqargan qarorlarga bo‘ysunishi lozim. Bunday qarorlar bolasi qaysi yoshda uchrashishni boshlashi va qanday harakatlar qilish mumkinligini o‘z ichiga oladi.

  •   Har bir Yahovaning Shohidi Muqaddas Kitobdagi yo‘l-yo‘riqlar asosida uchrashish-uchrashmaslik va kim bilan uchrashishni o‘zi tanlaydi. Bu «har kim o‘z aravasini o‘zi tortadi», deyilgan prinsipga muvofiq. (Galatiyaliklarga 6:5) Lekin qaror chiqarganda ko‘plar ular uchun chin dildan g‘am chekadigan ma’nan yetuk Yahovaning Shohidlari bilan maslahatlashib dono yo‘l tutishadi. (Hikmatlar 1:5)

  •   Uchrashganda qilinadigan ko‘p narsalar odatda jiddiy gunoh deb sanaladi. Misol uchun, Muqaddas Kitobda aytilganday, jinsiy axloqsizlikdan qochish kerak. Bunga nafaqat nikohdan tashqari jinsiy aloqada bo‘lish, balki nopok xatti-harakatlar ham, masalan, boshqa insonning jinsiy a’zolarini erkalash, oral yoki anal jinsiy aloqa qilish ham kiradi. (1 Korinfliklarga 6:9–11) Hatto turmush qurmagan insonlar jinsiy aloqa qilmasa ham, ammo o‘zaro ehtirosni qo‘zg‘atish Xudoga ma’qul kelmaydigan «ifloslik» deb hisoblanadi. (Galatiyaliklarga 5:19–21) Muqaddas Kitobda shuningdek, «beadab gaplar»dan iborat axloqsiz suhbatlar ham qoralanadi. (Kolosaliklarga 3:8)

  •   Qalbimiz aldamchi. (Yeremiyo 17:9) Bu insonni noto‘g‘ri ishlarni, hatto noto‘g‘ri ekanini bilib tursa ham ularni qilishiga yetaklashi hech gap emas. Buning oldini olish maqsadida, uchrashayotgan insonlar axloqsizlik qilib qo‘ymasliklari uchun yolg‘iz qoladigan vaziyatlardan qochishlari kerak. Ular ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi, masalan, ma’nan yetuk do‘stlar davrasida yoki uchinchi shaxs ishtirokida uchrashishlari mumkin. (Hikmatlar 28:26) Umr yo‘ldosh izlayotgan turmush qurmagan masihiylar tanishish uchun mo‘ljallangan saytlar bilan bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlarni va yaxshi tanimaydigan inson bilan munosabatlarni rivojlantirish xavfli ekanini yodda tutishlari kerak. (Zabur 26:4)

a Ayrim madaniyatlarda uchrashish odat tusiga kirgan, boshqalarda esa yo‘q. Muqaddas Kitobda uchrashish kerak yoki bu nikoh qurishning birgina yo‘li deb aytilmagan.

b Masalan, bitta maqolaga ko‘ra, «uzoq vaqt (25–50-yildan oshiq) turmushda bo‘lgan uchta juftlik nikohining siri ularning dini, e’tiqodi va nuqtai nazari bir xil ekanligida tasdiqlandi». («Marriage & Family Review», 38-jild, 1-nashr, 88-sah., 2005-yil)